O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xalqaro press-klubning jonli efirida koronavirusga qarshi vaksina oldi, deb xabar beradi SSV matbuot xizmati.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Madaniyat vaziri emlanishdan so‘ng o‘zini yaxshi his qilayotganini ma’lum qilgan.

Barchamizga ma’lumki, 2020-yil boshida insoniyatga umuman notanish bo‘lgan kasallik — COVID-19 virusi bilan yuzlashdik. O‘tgan vaqt mobaynida davlatimiz rahbari boshchiligida butun xalqimiz bu kasallik bilan kurashdik.

Bugungi kunga kelib esa, davlatimizda kasallikka qarshi vaksinatsiya jarayonlarini to‘laqonli tashkil etishda hech qanday muammo bo‘lmaydi. Eng muhimi, mavjud vaksinalar to‘liq tekshiruvdan o‘tgan.

Bizning oldimizda esa ikkita yo‘l bor. Biri karantinda uyda o‘tirib, zaruratda tibbiy niqoblar bilan ko‘chaga chiqish, ikkinchisi virusga qarshi emlanib, odatdagi, go‘zal turmush tarzimizga qaytish.

Aytish mumkinki, inson tug‘ilgandan boshlab, umri davomida 14 ta vaksina olarkan. COVID-19 virusiga qarshi emlashni 15-vaksina deb qabul qilishimiz kerak. Biz bugun barchani uyga qamalib, xavotir ichida yashashga majbur qilgan bu virusdan faqat emlanibgina xalos bo‘la olamiz.

Bugun “O‘zbekiston 24” telakanalida jonli efirda tashkil etilgan Xalqaro press klubda ko‘rgan bo‘lsangiz, ko‘pchilik qatorida biz ham vaksina qabul qildik. Hozirda o‘zimni yaxshi his qilyapman. Tibbiyot xodimlarining bergan tavsiyalariga amal qilsak, barchasi yengil kechadi.

O‘ylaymizki, vaksina qabul qilish, odatdagi hayotimizga qaytishning yagona chorasidir.

Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vaziri

Press-klub davomida boshqa san’atkorlar va jurnalistlar ham emlangani aytilmoqda.

Ko‘rstuvda, shuningdek, “Bugun mamlakatimizda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari qanday ketayapti?”, “Ayni paytgacha nechta odam kasallikka qarshi emlandi?”, “Asosan qaysi vaksinalar odamlar orasida mashhur bo‘lmoqda?”, “Ularning orasida eng yaxshisi, samaradori qaysi biri?” kabi savollarga javob berilgan.

Telegram’dagi TashkentLand kanali to‘g‘ridan to‘g‘ri efir vaqtida Ozodbek Nazarbekov Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi bilan emlanganiga e’tibor qaratgan. “Aholining asosiy qismi poliklinikalar, savdo markazlari va korxonalarda faqat Xitoy vaksinasi bilan emlanmoqda, ammo tanlanganlar uchun ‘Sputnik V’ bor ekanda?”, deyiladi xabarda.

Foto: Telegram / @TashkentLand

Avvalroq xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov koronavirusga qarshi o‘zbek—xitoy vaksinasi bilan emlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.