Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov 3-iyul kuni koronavirusga qarshi vaksina oldi.

Foto: Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, vazir Qashqadaryoga xizmat safari chog‘ida Qarshi shahridagi 4-son oilaviy poliklinikada emlandi.

Vazirning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, u Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan boshlangan #men_vaksina_oldim aksiyasi doirasida koronavirus infeksiyasiga qarshi “Sputnik V” vaksinaning 1-bosqichi bilan emlandi.

Avvalroq shu aksiya doirasida xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov koronavirusga qarshi o‘zbek—xitoy vaksinasi bilan, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Sputnik V” vaksinasi bilan emlangandi.