Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi tarafdorlari faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda idora matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, duradgorlik bilan shug‘ullanuvchi, 23 yoshli fuqaro muqaddam Turkiyaning Istanbul shahrida ishlagan vaqtida “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti emissarlari ta’siriga tushgan va keyinchalik yashash manziliga qaytib kelgach, mazkur tashkilot g‘oyalarini atrofdagilarga targ‘ib qila boshlagan. Natijada 9 kishidan iborat guruh shakllangan.
“18—27 yosh oralig‘ida bo‘lgan guruh a’zolari orasida reklama agentligida va poyabzal ishlab chiqarish sexida ishlovchi, shuningdek, uy sharoitida bolalar kiyimlari ishlab chiqarish va sartaroshlik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bor”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ular Qo‘qon shahrining turli mavzelarida to‘planib, xalqaro terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Abdulloh Buxoriy”larning hijrat va jihod to‘g‘risidagi ma’ruzalari hamda da’vatlarini tinglab, o‘zaro muhokama qilib kelgan. Shuningdek, ular kelgusida Suriyadagi terroristik tashkilotlar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan.
Guruh a’zolarining mobil telefon apparatlarida O‘zbekiston qonunchiligida taqiqlangan audio-video ko‘rinishidagi diniy materiallar borligi aniqlangan. Hozirda Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Jizzaxda Suriyadagi terrorchilik tashkiloti tarkibiga kirmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, Andijon shahrida “Jihodchilar” guruhi a’zolari qo‘lga olingani, Farg‘onada esa “Hizb ut-Tahrir” terrorchilik tashkiloti faoliyatiga chek qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)