“O‘zbekneftgaz” AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tashabbusi bilan Gazli hududida sodir etilayotgan kondensat o‘g‘irligining oldi olinib, aniqlangan holatlar bo‘yicha huquq-tartibot idoralari bilan samarali hamkorlik qilinmoqda.
Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Kulbeshkak” va “Uchqir” konlarida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganishlar jarayonida, cho‘pon sifatida faoliyat yuritib, aslida kondensat o‘g‘irligi bilan shug‘ullanayotganlar aniqlandi.
U yerda kondensat saqlash joyi aniqlanib, hajmi 20 litrdan bo‘lgan 15 dona, hajmi 200 litr bo‘lgan 1 dona plastmassa idish ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Shuningdek, idishlarda 100 litr dizel yonilg‘isi borligi ham aniqlangan bo‘lib, mahsulot ashyoviy dalil sifatida tergov organlariga topshirilishi uchun olib qo‘yildi. O‘z navbatida, o‘rganishlar jarayonida davlat raqamisiz harakatlangan yuk avtomashinalari borligi hamda ularning maqsadsiz yurgani aniqlangan. Yuk avtomashinalarida saksovul ortilgan bo‘lib, tabiatga zarar yetkazilgani holati ham fosh etildi.
Ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJ korrupsiyaga hamda davlat tabiiy boyliklarini talon-taroj qilayotganlarga qarshi kurashish uchun Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, Milliy gvardiya, prokuratura, ichki ishlar organlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, aniqlangan holatlar bo‘yicha jinoyat ishi ochilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning Gazli neft va gaz boshqarmasiga so‘nggi tashrifi davomida, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda toki o‘g‘irliklar, talon-taroj holatlari yakunlanmas ekan, unga qarshi keskin kurash davom etishini bildirgan va bu borada alohida topshiriqlar bergan edi.
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati
Izoh (0)