Toshkent metropolitenining “Chilonzor” bekatida poyezd vagonlari bilan bog‘liq nosozlik kuzatildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Ma’lum bo‘lishicha, 27-iyun kuni soat 12:50 da “Chilonzor” bekatiga Sergeli tarafdan kirib kelgan poyezd sostavidagi to‘rtala vagonning eshiklari ochilmay qolgan.
Yo‘lovchilar, taxminan, 10 daqiqa vagondan chiqa olmagan. Nosozlikni bartaraf etib bo‘lmagach, mashinist xonasi orqali vagonlarga kirgan mas’ullar eshiklarni ichkaridan ochib chiqqan.
Avvalroq Toshkent metropolitenining “Kosmonavtlar” bekatida shubhali buyum topilgani haqida xabar berilgan edi. Yo‘lovchilar poyezddan tushirib yuborilib, tarkib tekshirish punktiga yuborilgan.
Qayd etish joizki, mart oyidan buyon Toshkent metropoliteni bilan bog‘liq shu kabi voqealar tez-tez yuz bermoqda. Xususan, 18-mart kuni “Olmazor” (Chilonzor yo‘li) va “Bekat-1” (Sergeli yo‘li) orasidagi tunnelda ikki poyezd to‘qnashgandi.
9-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi. Shu bilan birga, metropolitendagi yerosti va yerusti poyezd harakatlarining bir nechta boshqa videolari ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p bora muhokama qilindi. 28-aprel kuni esa tunnelda to‘xtab qolgan poyezd haqidagi video tarqaldi, unda yo‘lovchilar relslar orqali harakatlanib, bekatga yetib olgani tasvirlangan.
13-may kuni “Amir Temur xiyoboni” bekatida barcha yo‘lovchilar tushirib yuborilgandi.
Izoh (0)