O‘zbek xalqining o‘zligini ifoda etgan, mahalliy xalq manfaatlarini himoya qilishga bel bog‘lagan “Taraqqiy” va unga izdosh gazetalar milliy matbuotimizning dastlabki namunalari hisoblanadi. Munavvarqori Abdurashidxonov va u kabi o‘zbek ma’rifatparvarlarining qat’iy sa’y-harakati bilan tashkil etilgan mazkur nashrning ilk muharriri Ismoil Obidiy bo‘lgan. “Taraqqiy” gazetasining shiori: “Najot: maslakda sabot, to‘g‘rilikda ijobat” deb nomlangan. Nashr “ilmiy, adabiy, siyosiy, faniy, tijoriy” gazeta bo‘lganligi uning o‘zida ta’kidlab ko‘rsatiladi. Gazeta faoliyati juda qisqa vaqt davom etgan. Shundan so‘ng Munavvarqori Abdurashidxonov muharrirligida “Xurshid” gazetasi chiqarila boshlangan. 1907-yil 21-avgustda “Tujjor” gazetasi chiqqan.Gazeta faoliyatining asosini rivojlanib borayotgan ilg‘or mamlakatlar tajribalarini qo‘llab, tobora orqaga ketayotgan millatni bu yo‘ldan asrab qolish uchun kurashish g‘oyasi tashkil etgan. Uning ilk sonida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi haqida shunday yozilgandi: “Gazetamiz “Taraqqiy” nominda o‘lib, bora-bora jismi ham ismig‘a muvofiq o‘lub, millatimizni “keyin” bormog‘iga aslo rozi emasdurmiz. Baqadri imkon millati islomni oliy darajada o‘lmog‘iga va millati islomdagi tijorat, kasb va korning ortmog‘iga yo‘l izlab ijtihol qilur”. “Taraqqiy” mahalliy xalq manfaati yo‘lida chinakamiga faoliyat yuritgani uchun ham 20-soniga yetganda musodara qilinib, chop etish to‘xtatilgan. Gazeta 20-avgustga qadar, ya’ni ikki oy, bir hafta nashr qilingan.
1. Jurnalistlar bilan ishlashda matbuot kotiblari e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan 3 asosiy jihat?2. Jurnalistlardagi qaysi jihatlarni hurmat qilasiz?3. Faoliyatingiz davomida OAV bilan ishlashda eng katta qiyinchilik tug'dirgan mavzu qaysi?4. Inqirozli vaziyat yuzaga keldi, sizning xatti-harakatingiz?5. Jurnalistlarga atalgan bayram tabrigingiz?
Quyida ularning javoblarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Shohrux G‘iyosov, ichki ishlar vazirligi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i — ichki ishlar vazirining matbuot kotibi.
Matbuot kotiblari jurnalistlar ishlash jarayonida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar ko‘p, shulardan quyidagilarga ish faoliyatimda ahamiyat berish zarur, deb bilaman:
- agar men jurnalistga murojaat qilsam, uning xolisligi, mavzuni tushunishiga yoki tushuntira olishim va jurnalist ishlayotgan nashrning nufuziga ahamiyat beraman;
- agar jurnalist menga murojaat qilsa, tezkorlik bilan so‘ragan axborotini olib berish (imkon darajasida), axborotni yoritishda kontekstdan yulib olmasligini nazorat qilish va xolisligiga ishon hosil qilgandan so‘ng doimiy aloqa ushlab turish zaruratiga ahamiyat beraman.
Ishimizda qiyinchilik tug‘diradigan mavzular uchrab turadi, ularni aniq sanab bo‘lmaydi, sababi ular ayni o‘sha vaqtda yuzaga kelgan vaziyatga bog‘liq. Mening fikrimcha, qiyinchilik mavzuga emas, mavzuni yoritmoqchi bo‘lgan jurnalistning xolisligiga bog‘liq. Oxirgi vaqtlarda bir tomonlama yondashib maqola yozadigan jurnalistlar ko‘p uchrayapti, nima uchun munosabat olmasdan bir tomonlama yoritdingiz deb so‘rasangiz, asosiysi yolg‘on emas-ku, deb javob beradilar, lekin ularning qilmishi jurnalistikaning oltin qoidasi xolislikni buzayotganligini tan olmaydilar. Haqiqiy professional jurnalist hissiyot, alamzadalik, maishiy muammolarini maqolasi orqali yuzaga chiqarish, shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘yish kabi illatlardan yiroq bo‘lishi kerak. Asosiy qiyinchilik shunda deb o‘ylayman.
- Tezkorlik bilan haqiqiy vaziyat haqida ma’lumot olish;
- Munosabat (raddiya, bayonot yoki axborot) tayyorlash;
- Rasmiy manbalar orqali jamoatchilikka yetkazish;
- Jamoatchilik munosabatini monitoring qilib borish.
Nurbek Salomov, davlat bojxona qo‘mitasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi.
Jurnalistlar bilan ishlashda matbuot kotiblari e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan jihatlar sifatida ishonch, mas’uliyat, aniqlikni ayta olaman.
Jurnalistlardagi haqqoniylik, xolislik va burchiga sodiqlik kabi jihatlarni hurmat qilaman.
O‘rganilmasdan va qayta tekshirilmasdan e’lon qilinadigan feyk xabarlardan iborat materiallar eng katta qiyinchilik tug‘dirgan mavzular deyishim mumkin.
Inqirozli vaziyatda matbuot xizmatidan tezkorlik, OAV so‘rovlariga o‘z vaqtida va aniq javob berish, xolislik talab etiladi. Shuningdek, inqirozli vaziyatdan so‘ng tahlil va baholash jarayonini ham amalga oshirish zarur.
Fursatdan foydalanib, barcha matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayramlari bilan samimiy tabriklayman. Yurtimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan bojxona xizmati xodimlari faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka tezkor va ishonchli axborot yetkazib berishda sizlarning xizmatingiz beqiyos ekanligini e’tirof etgan holda barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt tilayman.
Hayot Shamsutdinov, O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
Jurnalistlar bilan ishlashda matbuot kotiblari e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan jihatlar, birinchi navbatda, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, tezkorlik va xolislik bilan hamkorlik qilish, deb bilaman.
Jurnalistlardagi xolislikni hurmat qilaman.
Materiallarni bir tomonlama yoritish va noxolislik kuzatilgan har qanday mavzu qiyinchilik tug‘diradi. Jurnalistlar barcha dalillarni, ikir-chikirlarni o‘rganishi, faqatgina bir tomonning xulosalariga ishonib qolmasligi ma’qul, deb o‘ylayman. Ba’zan ishlarni ko‘rib chiqish jarayoni ketayotgan vaziyatda turli nizoli holatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar, mojarolarni uchratamiz. Bu albatta, bevosita bo‘lmasa-da, qandaydir darajada ishimizni qiyinlashtiradi. Auditoriya ilk manbada o‘qigan gapiga ishonadi, shunga ko‘ra darhol xulosa chiqarib fikr bildirishi mumkin. Ammo qaysi sohada ishlamasin, professional shaxs, birinchi navbatda, oddiy auditoriyadan farqli ravishda, sohasining vakolatlari, kasbiy huquq va majburiyatlari doirasida barcha jihatlarni puxta o‘rganib chiqishi lozim.
Inqirozli vaziyatda, avvalambor, shu holat bilan bog‘liq barcha jihatlarni tezkorlik bilan chuqur tahlil qilib olaman, keyingi harakatlarim ularning natijasi bo‘yicha asosli rasmiy munosabat tayyorlash va uni jamoatchilikka e’lon qilishdan iborat. Inqirozli vaziyatlardan chiqishda, shak-shubhasiz, matbuot kotibidan aniqlik, tezkorlik, vaziyatni his eta olish, sezgirlik, tajriba talab etiladi.
Avvalo, barcha jurnalistlarni “27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan samimiy muborakbod etaman. Imkoniyatdan foydalanib, davlat, jamiyat hamda zamonning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan o‘ta muhim va mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishda barcha ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot siyosati sohasida ish yuritayotgan hamkasblarimizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat hamda ulkan zafarlar tilayman.
Tursunali Akbarov O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
Asosiy 3 ta jihatni bitta qilib aytsam-chi? Chin jurnalist — jamiyatning sanitari. Baski, ularning ancha-muncha erkaliklarini ko‘tarish kerak.
1. Xolislik. 2. Tezkorlik. 3. Qitmirlik. Xolislik va tezkorlik — tushunarli. Qitmirlik-chi, dersiz? Jurnalistga ayni xislat juda-juda kerak. Qitmirlik — jurnalist salohiyatini belgilovchi mezonlardan biri, sirasi.
Hamkasblar bilan o‘rtamizda muammo yo‘q. Biroq ba’zan (xususan, huquqiy mavzuda) masala mohiyatini yaxshi tushunmagan holda berilgan so‘rov-savollarga javob qaytarishda ancha-muncha ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.
Inqirozli vaziyatda birinchi navbatda sovuq dush qabul qilsam keragov...
Bayram tilagim — niyatlarga yetishib yashang!
Sevara Zakirova, Davlat xizmatlari agentligi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i.
Jurnalistlar bilan ishlashda matbuot kotiblari e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan 3 ta asosiy jihat: aniqlik, ishonch, hamkorlik. Aniq ma’lumot taqdim etilmasligi, axborotning ishonchsizligi, hamkorlikning yo‘qligi — matbuot kotibi va jurnalist o‘rtasida aloqa o‘rnatilmaganligini bildiradi.
Jurnalistlardagi xolislik, professionallik hamda muammolarni ko‘zgu sifatida aks ettira olish kabi jihatlarini hurmat qilaman.
To‘g‘risi, Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasiga oid ilk materialni tayyorlash qiyinchilik tug‘dirgan. Sababi, tizim hali mutlaqo yangi edi va uning qulayligi haqida so‘z yuritish mushkul bo‘lgan. Chuqurroq tahlil va ustozlar ko‘magi bilan buni uddaladim. Ma’lumot uchun ilk material “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan.
Inqirozli vaziyatning bir turida barcha ma’lumotlar aniq, ikkinchisida qo‘shimcha ma’lumot talab etilishi mumkin deylik. Har ikki holatda ham Davlat xizmatlari agentligi dastlabki pozitsiyasini, ya’ni ushbu masala nazoratga olinganligi, mutaxassislar tomonidan o‘rganib tegishli chora ko‘rilishi bildiriladi. Zudlik bilan Davlat xizmatlari agentligining tezkor munosabatlar guruhiga inqirozli vaziyat haqida ma’lumot yuboriladi. Ma’lumot uchun: ushbu guruh DXA rahbariyati, mas’ul tarkibiy bo‘linmalar rahbarlaridan iborat.
Ortiqcha o‘rganishni talab qilmaydigan inqirozli vaziyatlar zudlik bilan o‘rganilib, joyida bartaraf etish chorasi ko‘riladi. Ayrim hollarda bu joyiga chiqqan holda jonli efir tarzida ham tashkil etilishi mumkin. Bu turdagi vaziyat yuz bergan tuzilma rahbari bilan bog‘lanib, izoh so‘raladi va asosli ma’lumot mavjud bo‘lgan taqdirda, bu haqida hodisa ishtirokchisi xabardor qilinadi. Ushbu muammoli masala yakuniy yechim topguniga qadar, nazoratdan olinmaydi. Yuqorida aytganimdek, sohaga oid har bir jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan masala DXA rahbariyati nazoratida.
Qadrli qalam, mikrofon va noutbuk mohirlari! Avvalambor Davlat xizmatlari agentligi jamoasi nomidan sohamizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatini xalqimizga ta’sirchan so‘zingiz, faoliyatimizga bo‘lgan obyektiv nuqtayi nazaringiz bilan jamoatchilikka yetkazayotganingiz uchun minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Aynan Sizlarning xabarlaringiz, maqola-yu intervyularingiz, reportajlaringiz davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasini yanada yaxshilashga ko‘mak beradi. Kelgusidagi samarali hamkorlikka umid bildirgan holda, Sizlarga so‘nmas ilhom, ijodiy barkamollik hamda yangi g‘oyalarning amalini tilab qolamiz. Sog‘-salomat bo‘ling!
Nazokat Abduqunduzova, Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
Jurnalistlar bilan ishlashda matbuot kotibi samimiy, ochiq va tezkor bo‘lishi kerak. Samimiylik har qanday o‘ta mashhur “yulduz” jurnalistlarni-da o‘ziga rom etadi, ular bilan do‘stona munosabatlar qurishga zamin yaratadi. Ochiqlik – bu har qanday savolga javob berishga tayyor bo‘lish, noqulay masalalarning muhokamasidan qochmaslik va jurnalist do‘stlarimizning ishonchiga kirishdir. Tezkorlik yoki hech bo‘lmasa, belgilangan muddatlarda ma’lumot berish esa bugungi shiddatli davrimizning tabiiy talabi.
Jurnalistlarni umuman olganda, har qanday shartlarsiz hurmat qilsam kerak... O‘z kasbini yaxshi ko‘radigan, izlanishdan charchamaydigan professional jurnalistlarning ishini kuzatarkansiz ularning ishidan zavqlanasiz, ilhomlanasiz. Biz matbuot kotiblari ko‘pincha jurnalistlarni xolislikka chaqiramiz, lekin muammolarni baralla ko‘tarib chiqayotgan, tanqidiy maqolalar tayyorlaydigan jasoratli jurnalistlarni jamiyatimiz va davrimiz qahramonlari deb hisoblayman. Matbuot kotiblari va jurnalistlar barrikadaning ikki tomonida emas, bir davrada ishlashlari kerakki, toki tanqid shu muammoni bartaraf etishga, unga boshqacha nazar bilan qarashga xizmat qilsin.
Global innovatsion indeks mavzusi. Avval nega indeksga kirmadik, keyin nega ro‘yxatda balandroq o‘rinda emasmiz, degan savollar... 2030-yilda yilga kelib Global innovatsiya indeksi reytingida jahonning 50 ta ilg‘or mamlakatlari qatoridan o‘rin olishimiz uchun hozirda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamiga baho berish, oldinga qo‘yilgan rejalarimiz haqida ma’lumotlar berishni davom ettiryapmiz.
Albatta, inqirozli vaziyatga nisbatan idoraning munosabatini imkon qadar tezroq shakllantirish choralarini ko‘ramiz. Avvalo, yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha rahbariyatga ma’lumot beriladi. Shu yo‘nalishdagi mutaxassislardan zarur ma’lumotlar yig‘ilib, dastlabki ma’lumotlar e’lon qilinadi. Shuningdek, vaziyatning qanchalar jiddiyligiga qarab, matnli, audio, video xabar tarqatish yoki press-konferensiya yoki brifing tashkil etish masalalari hal etiladi. Ommaviy axborot vositalaridagi vaziyatga doir materiallar va ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar o‘rganilib, ularda ko‘tarilgan savollarga javoblar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tashkil etiladi.O‘z navbatida tashkilot xodimlariga ham vaziyat bo‘yicha tushuntirish berish ham o‘ta muhim, negaki xodimlarning bildirgan fikrlari va taxminlari ham vaziyatni yanada keskinlashtirishga xizmat qilishi mumkin. Asosiysi, bunday vaziyatda o‘zimiz, OAV va jamoatchilikka nisbatan xolis bo‘lishga intilamiz.
Aziz jurnalistlar, hamkasblar, qadrli do‘stlar kasb bayramingiz muborak bo‘lsin! Ijodiy ko‘tarinkilik hamisha sizga hamroh bo‘lsin! So‘z – bu katta kuch. Ilm-fan, ma’rifat targ‘ibotida jurnalistlarning, umuman qalam ahlining hissasi beqiyosdir. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritishdagi shijoatingiz, voqelikka xolis qarashingiz, sog‘lom ijtimoiy fikr shakllantirishdagi ulkan hissangiz tahsinga loyiq. Ishlaringizga omad tilayman. Kundan kunga muxlislaringizning soni va... gonorarlaringiz miqdori oshaversin!
Elmira Bekmurodova, Energetika vazirligining matbuot kotibi — vazirning axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
— Berilayotgan (yuborilayotgan) savol va murojaatlarga o‘z vaqtida javob berish;— Jurnalistlar yoritayotgan sohalaridagi mavzulari, jumladan, energetika sohasini rivojlantirish masalalarini yanada chuqurroq, savodxonlik bilan yondashgan holda ommaga tarqatishlari uchun doimiy zaruriy treninglarni o‘z ichiga olgan OAV pulini shakllantirish;— OAVga faqatgina raqam va dalillarga tayangan haqqoniy ma’lumotlar berish.
Jurnalistlarda quyidagi xislatlarni hurmat qilaman: o‘zi yozishni rejalashtirayotgan mavzusida chuqur bilimga egalik; ish masalasida o‘zi murojaat etayotgan shaxsga hurmat bildirgan holda kasbiga nisbatan professional yondashuvga egalik; ko‘zga tashlanib turadigan sarlavha yoki tekshirilmagan navbatdagi shov-shuvi orqali auditoriya jamlashni emas, balki mavzuni xolis yoritishni ko‘zlash.
Qiyinchilik tug‘diradigan mavzular qatoriga issiq va sovuq kunlarda aholi tomonidan maishiy elektr jihozlarining yoppasiga ishlatilishi tufayli va modernizatsiya qilish jarayonida turgan, har doim ham elektr energiyasini iste’mol qilishning bunday o’sishiga dosh bera olmaydigan energiya infratuzilmasining holati tufayli yuzaga keladigan elektr uzilishlari mavzusini kiritish mumkin.Murakkabligi shundaki, bu vaziyatni raqamlar va obyektiv ma’lumotlar bilan bir necha marta tushuntirishimizga qaramasdan, bir qator ommaviy axborot vositalari har safar ushbu mavzudan vaqtinchalik "shov-shuv" yaratishga harakat qilmoqda. Vaholanki, agar ayni mavzu bo‘yicha ilgari e’lon qilingan materiallarga murojaat qilinsa, mavzuni yoritishda ko‘proq obyektivlikka erishilgan bo‘lar edi, deb o‘ylayman.
Inqirozli vaziyatda energetika tizimida inqiroz yuzaga keltirgan masalaga taalluqli mutaxassislarni topish, ularga inqiroz sabablari va undan chiqib ketish doirasida favqulodda javob berish bo‘yicha topshiriqlar yuborish, inqiroz holati haqida dastlabki qisqacha ma’lumotni e’lon qilish.
Hurmatli jurnalistlar!Barchangizni kasb bayramingiz bilan tabriklayman!Energetika vazirligi, shu jumladan, vazirlikning matbuot xizmati tashkil etilgan ilk kunlardan boshlab sizlar bilan uzviy hamkorlikda ishlab kelmoqda. Bugun ana shu ayyom bahonasida O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish masalasiga doimiy qiziqish bildirib kelayotganingiz uchun “tashakkur” demoqchimiz. Kelgusida yanada samarali hamkorlik qilishimizga ishonaman. Safingizda energetika mavzusiga chin dildan qiziquvchi, ana shu qiziqishi ortidan o‘z faoliyati orqali energetika sohasining rivojiga katta hissa qo‘sha oladigan mutaxassislar yanada ortishiga tilak bildirib qolaman!
Sherzod Ahmatov, Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri matbuot kotibi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ishlashda har bir jihatga alohida e’tibor berish shart. Eng muhim 3 asosiy jihatni sanab o‘tadigan bo‘lsak, birinchisi berilayotgan savollarning ichida muhim ahamiyatga ega emas deb o‘ylagan savolga e’tibor qaratish shart va shu savolga mukammal javob qaytara olsangiz jurnalist bilan savol javobda ustunlikka erishishni kafolatlaysiz. Ikkinchisi jurnalistlar bergan savolidan keyin, Siz bergan javobga qanoat hosil qilmasa shu mavzu bo‘yicha bahsga kirishish maqsadga muvofiq emas. Yaxshisi shu savol bo‘yicha o‘rganib chiqib qo‘shimcha ma’lumot berish bilan kifoyalanish kerak.
Uchinchi jihat har bir ommaviy axborot vositalari vakillarini o‘zingizning eng yaqin do‘stingiz sifatida qarang! Agar u Sizning eng ashaddiy tanqidchingiz bo‘lsa ham. Eng muhim yangiliklarni aynan shu tanqidchilar orqali keng jamoatchilikka yetkazdirishga harakat qilish shart. Bu yangiliklarni ular orqali keng jamoatchilikka yetkaza olsangiz uning ishonchliligi yanada oshadi va natijasi ko‘proq bo‘ladi.
Aslida jurnalistlarning har bir jihati hurmatga loyiq. Chunki ularning zaxmatli mehnatlari ozgina bo‘lsa ham jamiyatga yoki shaxslar hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Jurnalistlikning toshi juda og‘ir. Buni hamma ham ko‘tara olmaydi. Bunday deyishimga sabab matbuotda, teleradiokanallarda axborot saytlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar va blogerlar bilan har kuni gaplashamiz ularni soha bo‘yicha qiziqtirayotgan savollariga javob beramiz vaqti kelganda javob ham bera olmay qolamiz. Shunday vaziyatlarda ularning jurnalistika etikasiga qanday rioya qilishlariga qarab ularga bo‘lgan hurmat belgilanaveradi.
Jurnalistlarning yana bir muhim hurmatga loyiq jihatlari shuki ularning o‘z ishlari ustasi ekanligi. Ya’ni jurnalistga kerak bo‘lgan ma’lumotni har qanaqa sharoitda ham olishidadir. Shunday jurnalistlar borki, telefonda javob bermasangiz eshigingizni taqillatib keladi, eshikni ochmasangiz...o‘tirgan xonangizga kirib kelganini bilmay qolasiz. Jurnalistlarining bu mahorati hurmatga loyiq.
Bundan tashqari, aytish kerakki, jurnalistlar tarqatgan ma’lumotlari shaxslar manfaatiga emas jamiyat manfaatiga xizmat qilayotganini ko‘rsangiz u jurnalistga hurmatingiz oshib boraveradi.
Ommaviy axborot vositalari bilan ishlashda har doim qiyinchiliklar tug‘ilishi tabiiy. Bilasizmi hozir bu mavzularni sanab o‘tsam, yana jurnalistlar tomonidan shu mavzular ko‘tariladi va meni yana qiynashda davom etadi. Yaxshisi shu mavzular sir bo‘la qolsin...Lekin aytishim mumkinki, har kuni beriladigan savollari bor ya’ni, nega internet sekin ishlaydi? nega internet qimmat? shu savollar ko‘p beriladi. Jurnalistika sohasida endi faoliyat boshlayotgan yoki bizni sohadagi faoliyatni yoritishni endi boshlayotgan jurnalistlar shu savoldan boshlaydi.
Ish faoliyatim davomida inqirozli vaziyatga juda ko‘p bor duch kelganman. Bunday vaziyatdan chiqib ketish uchun birinchi navbatda strategik yo‘nalishlarni va qadam-baqadam harakatlarni belgilab chiqaman.
- Birinchi qiladigan harakatim ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashishga va bor holatni ularga aytib ma’lumot berishdir. Hamma resurslarni ishlatgan holatda jurnalistlarga ochiqlikni ta’minlab berish kerak. Shu ochiqlikning o‘zi inqirozli vaziyatdan 50 foizga olib chiqadi. Bironta jurnalistning bergan savoliga javob bermasdan qochish kerak emas va noto‘g‘ri ma’lumot bermaslikka harakat qilinadi. Shu vaziyatdagi birgina noto‘g‘ri harakat inqirozli vaziyatni murakkablashtirishi mumkin.
- Shu birinchi harakatni uddalasangiz, inqirozli vaziyatdan chiqib ketish imkoniyatlari Siz tomonda bo‘ladi.
- Inqirozli vaziyatda Ommaviy axborot vositalari vakillarining murojaatlariga vaqtida javob bermaslik bilinki,inqirozli vaziyatning uzoq davom etishiga o‘zingiz sababchi bo‘lasiz.
Siz aziz jurnalistlar faoliyatlaringiz davomida har doim xalq va hokimiyat o‘rtasida qil ko‘prik vazifasini bajarishda zafarlar tilayman!
Lola Raxmanbayeva, Turizm va sport vaziri matbuot kotibi, vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
Matbuot kotiblari jurnalistlarga qarshi tomonga qaragandek munosabatda bo‘lishi kerak emas, aksincha – muammolarning yechimini birga topadigan hamkor sifatida qarashi lozim. O‘zim ilgari yangiliklar saytida ishlaganim bois doim hamkasblarimizni tushunishga, imkon qadar ularning so‘roviga tezkor javob berishga harakat qilaman.
Jurnalistlarda professionallik va obyektivlik kabi jihatlarni hurmat qilaman.
Faoliyatim davomida OAV bilan ishlashda eng katta qiyinchilik tug‘dirgan mavzu – sayyohlar statistikasi, shunday bo‘lsa-da, odamlarga tushunarli bo‘lishi uchun bu mavzuda matbuot anjumanlari va intervyular tashkil qilingan, OAVning so‘rovlariga javob berilgan.
Inqirozli vaziyatlar uchun vazirlikda rahbariyat boshchiligida ishchi guruh tuzilgan, tezkorlik uchun Telegram guruhi tuzilgan, joyida muammoli vaziyatni muhokama qilib, tezkor yechim topishga harakat qilamiz.
Qadrli OAV vakillari va blogerlar! Barchangizni Turizm va sport vazirligi jamoasi nomidan 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni bilan qutlayman! Sizlarga bugungi kunda eng asosiysi mustahkam sog‘lik-salomatlik va mazmunli umr yo‘li tilayman. Mashaqqatli, lekin qiziqarli faoliyatingizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin! Aziz diyorimizni yanada rivojlantirish va aholi turmushini farovonlashtirish yo‘lidagi hamkorligimiz bardavom bo‘lsin! O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling hamda hayotingizni rang-barang taassurotlar bilan boyiting!
Akmal Nazarov, Markaziy banki raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
1. Xushmuomalalik. Jurnalist va blogerlar bilan o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda ushbu jihat juda muhim sanaladi.
2. Tezkorlik. Jurnalistga zarur axborotni imkon qadar tezroq taqdim etish matbuot kotiblarining birlamchi vazifasiga aylanishi kerak.
3. Xolislik va ishonchlilik. Keng jamoatchilikka OAV orqali vaziyatni to‘g‘ri va xolisona yetkaza olishda matbuot kotibining qanchalik professional ekanligi muhim ahamiyatga ega. Jurnalistga berilayotgan axborot o‘zida kerakli va atroflicha ma’lumotlarni qamrab olgan bo‘lishi zarur.
Qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, avvalo insoniylik jihatlari ustun bo‘lishi tarafdoriman. Axborot xizmati xodimida har doim qo‘lida tayyor material turgandek gapirishlariga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Aslida so‘ralgan ma’lumotlarni tegishli bo‘linmalar orqali yig‘ib olinishini hamma ham birdek tushunavermaydi. Shu jihatdan o‘zaro tushunib, bahamjihat ishlaydigan, axborotni bir yoqlama emas, tahliliy va xolisona yorita oladigan, bilimli jurnalistlarni juda hurmat qilaman.
Faoliyatimiz iqtisodiyot bilan bog‘liq bo‘lgani uchun sohamizdagi ko‘pgina mavzularni yoritishda ixtisoslashgan jurnalist kadrlar tanqisligi sabab, albatta, qiyinchiliklar bo‘lib turadi. Muhimi, jurnalistlar masalaga xolisona yondasha olishsa, biz imkon qadar ularni zaruriy material yoki mutaxassis bilan ta’minlashga harakat qilamiz.
Rahbariyatni xabardor etish va tegishli bo‘linmalar xodimlari ishtirokida mavzuni o‘rganishga kirishish va material tayyorlab, munosabat bildirishda birgalikda harakat qilish.
Barcha OAV xodimlari va blogerlarni 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan muborakbod etaman. Qalblarida doim xalqparvarlik, uyg‘oqlik va shijoat jo‘sh urib tursin. Zaxmatli mehnatlari doim qadr topib, omad va zafarlar yor bo‘lsin!
Laylo Rustamova, Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi.
Har kuni matbuot kotibi o‘nlab odamlar bilan suhbatlashadi va turli joylarga boradi. Jurnalistdan talab qilinadigan eng asosiy jihat bu har qanday xarakterga ega odamlar bilan muloqotga kirisha olish. Bu kasbimiz vakillari uchun eng muhim fazilatlardan biridir.
E’tibor qaratish lozim bo‘lgan ikkinchi jihat bu siz faoliyat yuritayotgan tashkilotga tegishli ma’lumot yoki bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan tadbir jurnalist uchun har doim ham qiziq, deb o‘ylash. Matbuot kotiblari qiladigan asosiy xatolardan biri shu, ya’ni doim ham biz uchun qiziq bo‘lgan ma’lumot jurnalist uchun qiziq degani emasligini anglamaymiz. Shu bois jurnalistga uning ahamiyatli tomonini yetkazish uchun matbuot kotibidan alohida mahorat talab etiladi.
Uchinchi jihat — bu matbuot kotibi jurnalistlar bilan o‘zi faoliyat yuritayotgan soha haqida sodda va tushunarli tilda gapira olishi kerak. U jamoatchilik va o‘zi faoliyat yuritayotgan tashkilot o‘rtasida o‘ziga xos tarjimon va ko‘prik vazifasini bajaradi. Buning uchun matbuot kotibi o‘zi ishlayotgan joyning maqsad va g‘oyalarini yaxshi bilishi kerak. Umumiy maqsadga ishonish, jamoani qo‘llab-quvvatlashi ham juda muhimdir. Agar matbuot kotibi o‘zi aytayotgan narsaga ishonmasa, unda uning so‘zlari boshqalarni ham ishontira olmaydi. Shu bois u o‘zi ishlayotgan sohaning imkon boricha ichiga kira olishni bilishi kerak.
Jurnalistlardagi xolislik, haqqoniylik va tahliliy yondashuvni hurmat qilaman.
Doimiy qiyinchilik tug‘diradigan mavzu bu o‘quvchilarning maktab formasi masalasi.
Inqirozli vaziyatda birinchi va eng asosiy qoida bu ma’lumotni yaxshilab o‘rganib, tezkorlik bilan haqiqiy vaziyat bo‘yicha ma’lumot taqdim etish lozim. Imkon qadar OAV va jamoatchilikka hodisa bo‘yicha asl ma’lumotni taqdim etish kerak, bunday holatda haqqoniy bo‘lmagan ma’lumotni berish yana bir inqirozli holatni yuzaga keltirishi aniq. Asl manba jim tursa, albatta uning o‘rniga gapiradigan “chaqqon” bo‘ladi va u haqiqatni emas, hodisani o‘zining foydasiga talqin qilib beradi.
Jurnalist kasbi juda qiziq kasb bo‘lishi bilan birga juda ham katta mas’uliyatni talab qilinadigan mashaqqatli kasblardan biri. Shuning uchun ham jurnalistlarimizga ehtiyotkorlik va hushyorlik tilagan bo‘lardim. Har bir qadamingiz ijobiy natijalarga boy bo‘lsin. Har bir jurnalistik ishingiz jamiyatimiz va mamlakatimiz farovonligi uchun xizmat qilsin. Har biringizning oilangizdan tinchlik-xotirjamlik, baxt va saodat arimasin. Yuzingiz hamisha yorug‘ bo‘lsin, aziz jurnalist hamkasblar!
Irina Sayfutdinova, Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markazi boshlig‘i — bosh boshqarma boshlig‘ining matbuot kotibi (2021-yilning 1-iyunidan e’tiboran boshqa ishga o‘tgani sababli ushbu lavozimdan ketdi).
— OAV missiyasi. Masalan, yoshlar gazetasi hamda “fitna, janjal, tergovlar” ruhidagi nashr materialni qay yo‘sinda “uzatishiga” qarab bir-biridan keskin farqlanadi. Birgina xabarning o‘zi, masalan, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi maktab o‘quvchilari orasida shaxmat musobaqasini o‘tkazgani turlicha yondashib berilishi mumkin. Birinchi nashr ishtirokchilar, g‘oliblar, hakamlar hay’ati haqida ma’lumot berib, tashkilotchilarning asosiy g‘oyalari – ishonchli hamkorlikni mustahkamlash, ichki ishlar organlarining yoshlar bilan munosabatining yangi modeli, o‘smirlarning shaxmat bilan shug‘ullanishi kabi jihatlarni yoritadi. Ikkinchi nashrning savollari esa: bu kimning hisobidan? Nega organlarning o‘zlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri vazifasi – jinoyatchilarni tutish bilan shug‘ullanmayapti? Bolalarni shaxmat o‘ynashga majbur qilishdimi, qabilida bo‘ladi.
OAVning maqsadli auditoriyasi. Matbuot kotibi potensial o‘quvchilarning (tinglovchi, tomoshabin) yosh toifasini inobatga olishi kerak. OAV missiyasini bilish esa auditoriya haqida muayyan tasavvur hosil qilgan holda manzilli murojaat yo‘llashga zamin hozirlaydi.
Bevosita tashkil faoliyatini yoritib boruvchi jurnalistlar guruhiga kirmaydiganlarni ham yaxshi bilish.
— Barcha tomonlarni eshitishga tayyorlik – bu xolislik, deb ataladi. Materialni tayyorlashda uni miridan sirigacha o‘rganish: masalani o‘rganish, ayrim o‘rinlarda bilimi yetishmasligidan uyalmaslik, matbuot kotibidan so‘rashdan uyalmaslik, internet ma’lumotlarining o‘zigagina ishonib qolmaslik. Qiziquvchanlik – juda qimmatli xislat. Mening fikrimcha, aynan qiziquvchanlik jurnalistda sinchkovlik va xolislik prinsiplarini shakllantirishga omil bo‘ladi.
— Agar savolga jurnalistlarni qiziqtirish jihatidan yondashadigan bo‘lsak, albatta tashkilotimizning aholi va yoshlar bilan uchrashuvlarini targ‘ib qilish mushkul bo‘lgan. Siz va bizning ko‘plab hamkasblarimiz bunday uchrashuvlarga zerikarli, bir xil va hisobot uchungina, deb qarashadi. Aslida bu kundalik, muntazam ishlarda chuqur ma’no mujassam, ular chindan ham odamlarning muammolarini hal qilishda yordam bermoqda.
Muhokama uchun oson bo‘lmagan mavzu – yo‘llardagi holat, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish. O‘zgarishlar nafaqat yo‘l infratuzilmasi, balki odamlar – haydovchilar hamda piyodalar, yo‘l harakatini vujudga keltiruvchi har bir ishtirokchi, ta’lim hamda guvohnoma beruvchilar ongida ham ro‘y berishi kerak. Umuman olganda, huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq mavzu o‘z-o‘zidan oson emas. Ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, har ikki tomon – jabrlanuvchi va javobgarlikka tortilgan shaxs ham o‘zlarini haq, deb biladilar hamda o‘zlariga nisbatan (ichki ishlar organlari tomonidan) nohaqlik qilgan holda, raqib tomonga yon bosilmoqda, deb o‘ylashadi.
Aynan shuning uchun ham yuqorida jurnalistikaning qimmatli jihatlaridan biri sifatida xolislikni e’tirof etdim.
— Nima yuz bergani va uning atrofidagi o‘sha vaqtdagi holatni aniqlash. Jurnalistlarga, birinchi navbatda, hodisa yuz bergani yoki yuz bermagani, tashkilotning xabari borligi, xodimlar vaziyat chigallashmasligi hamda jiddiyroq oqibatlarga olib kelmasligi uchun ishlayotgani haqida xabar berish.
— Avvalo, barcha hamkasblarimiz va ularning oila a’zolari, yaqinlariga salomatlik tilayman. Ijodiy muvaffaqiyat, o‘tkir qalam, dilkash davralar yor bo‘lsin. Ilk urinishlardagi muvaffaqiyatsizliklardan hech qachon tushkunlikka tushmang. So‘zning, so‘zingizning kuchiga ishoning.
Izoh (0)