O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialining bir nafar talabasida COVID-19 aniqlandi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar bermoqda.

Koronavirus kasalligi aniqlangani sabab o‘quv jarayonlari 2021-yilning 22-iyunidan boshlab 30-iyunga qadar masofaviy shaklga o‘tkazildi.

O‘zbekistonda aprel va may oylarida ham bir qator oliy ta’lim muassasalarida koronavirus aniqlangandi. Jumladan, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Jismoniy tarbiya va sport universiteti, Jahon tillari universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, O‘zJOKU, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Guliston davlat universiteti va Namangan davlat universitetlarida ham COVID-19 ga chalinish holatlari kuzatilgandi.

Mamlakatda kunlik kasallanish holatlari soni yana ortib bormoqda. Oxirgi 4 kun ichida 3 marta kunlik kasallanishlar soni 400 tadan oshdi. 22-iyunda 419 kishida, 21-iyunda 395 kishida, 20-iyunda 427 kishida va 19-iyunda 415 kishida COVID-19 qayd etildi.

Kasallikka chalinish holatlari ko‘payishi ortidan O‘zbekistonda bir qator cheklovlar joriy etildi. Jumladan, jamoat transportiga niqobsiz chiqish taqiqlandi, sanatoriy, pansionat va bolalar oromgohlariga borish uchun PZR-test tahlili talab etilmoqda, Afg‘oniston bilan chegara yopildi. Shuningdek, koronavirusga qarshi emlanuvchilar guruhi kengaytirilib, 50 yosh va undan kattalar hamda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bepul vaksina olishi mumkin bo‘ldi.