Samarqand iqtisodiyot va servis institutida darslar 20-apreldan boshlab 14 kunga masofaviy shaklga o‘tkazildi. Bu haqda institut matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: SamISI matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Respublika hududida COVID-19 bilan kasallanish holat ortayotgani, institut talabalari orasida ham bunday holatlar aniqlangani sababli Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda shunday qarorga kelingan.

“Epidemiologik vaziyat barqarorlashgach, an’anaviy o‘quv jarayoniga qaytish borasida qo‘shimcha xabar beriladi”, — deyiladi xabarda.

Bundan avval Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida professor-o‘qituvchilari, talabalari orasida koronavirusga chalinish holati aniqlangani sabab darslar 19-apreldan masofaviy shaklga o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ham darslar 12-apreldan boshlab ikki haftaga onlayn shaklga o‘tkazildi.

Avvalroq O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 4 nafar o‘qituvchi va 1 nafar talabasida koronavirus aniqlanib, OTM masofaviy ta’limga o‘tgandi. Shuningdek, 25-mart kuni Toshkent moliya instituti va Toshkent transport universiteti talabalarida ham koronavirus aniqlangani sabab fakultet talabalari masofaviy ta’limga o‘tkazilgandi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida va Toshkent moliya institutida ham darslar 26-martdan 8-aprelga qadar (14 kun) masofaviy shaklga o‘tkazilgandi. O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasida 14 kunlik karantin e’lon qilinib, o‘quv jarayoni 26-martdan 6-aprelga qadar masofaviy tarzda amalga oshirildi.

Bundan tashqari, Toshkent transport universiteti talabasida ham koronavirus aniqlangani sabab fakultet talabalari masofaviy ta’limga o‘tkazilgan, Toshkentdagi Inha universiteti talabasida koronavirus aniqlangani sabab ushbu OTM 23-martdan boshlab ikki hafta karantinga yopilgandi.