Boliviya prezidenti Luis Arse koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi bilan emlandi. Bu haqda Boliviya axborot agentligiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Men vaksina oldim... Ishonamanki, bu aholiga vaksinatsiya markazlariga borib, birinchi dozani olish uchun turtki bo‘ladi”, — deb ta’kidladi prezident.
Shuningdek, Arse dastlab emlash darajasining kuniga o‘rtacha 6 mingdan 8 ming kishigacha bo‘lganini, milliy hukumat tomonidan ommaviy emlash punktlarining tashkil etilgani tufayli esa kuniga 52 mingdan ortiq odamni emlash imkoniyati paydo bo‘lganini eslatib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, 2021-yilning 6-yanvar kuni Rossiyadagi sinovlarning uchinchi bosqichi natijalariga asoslangan holda, qo‘shimcha klinik tekshiruvlarsiz Boliviyada “Sputnik V” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yanvar oyining oxirida esa mamlakatga Rossiya vaksinasining birinchi partiyasi olib kelindi. O‘shanda davlat rahbari Boliviyaga 20 ming doza vaksina keltirilgani, lekin mamlakat jami 5,2 million doza vaksina olishini ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Arse “Sputnik V” vaksinasi bilan emlanishni rejalashtirayotganini aytgan edi. “Prezident emlanadi... Bu bizning vaksinaga bo‘lgan ishonchimizni namoyish etadi”, — deb xabar bergan prezident matbuot kotibi Xorxe Rixter.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 24-may ma’lumotlariga ko‘ra, Boliviyada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 2,1 mingta yangi holat ro‘yxatga olindi, 53 nafar bemor hayotdan ko‘z yumdi. Pandemiya boshidan buyon deyarli 350 ming kishi koronavirus bilan kasallandi, ularning 13,9 mingdan ortig‘i virus qurboniga aylandi.
Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Gebreyesus koronavirusga qarshi emlandi. Lekin uning qanday vaksina bilan emlangani ma’lum qilinmadi.
Shuningdek, Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan va uning rafiqasi Anna Akopyan koronavirusga qarshi vaksina olgan edi. “Bugun Anna bilan koronavirusga qarshi emlandik. Biz fuqarolarimizni kasalxonalardan faol foydalanishga va emlanishga chaqiramiz”, — degan siyosatchi o‘zining Facebook sahifasida.
Germaniya kansleri Angela Merkel koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasining birinchi dozasi bilan emlangandi. Undan oldinroq Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasi bilan emlangani haqida ma’lum qilingandi.
Izoh (0)