Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi sobiq rahbari qamoqqa olingani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot xizmati bu xabarni tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddalari (mansab soxtakorligi) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan Nurafshon shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi doirasida 21-may kuni viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘iga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a, v, g” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish yo‘li bilan ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ma’lumot uchun, Komiljon Adilov 2019-yil dekabr oyida boshqarma boshlig‘i etib tayinlangan edi. 2021-yilda ushbu boshqarma tugatilib, turizm va sport bitta tuzilma ostiga birlashtirilib, umumiy rahbarlik viloyat hokimining o‘rinbosariga yuklatilgandi.
“Oltin voha” Telegram kanalining qayd etishicha, yaqinda boshqarmani Nazorat-taftish bosh boshqarmasi tekshirgan va umumiy hisobda 50 million so‘m kamomad chiqqan.
Izoh (0)