“Milan” A Seriya 36-turi doirasida 12-may kuni bo‘lib o‘tgan bahsda “Torino”ni mag‘lubiyatga uchratdi (7:0).
Uchrashuvning 24-daqiqasida Samuel Kastilyehoga qarshi ishlatilgan qo‘pollikdan keyin turinliklar darvozasi tomon penalti belgilandi. Yarim himoyachi Frank Kessie 11 metrlik jarima zarbasini aniq ijro etdi.
“Milan” 2020/21-yilgi mavsum A Seriyada 18 ta penaltini ijro etdi. Bu orqali jamoa o‘zi 1950/51-yilgi mavsumda o‘rnatgan rekordni takrorladi. Shuningdek, bu rekord ko‘rsatkichni o‘tgan mavsum “Latsio” ham qayd etgandi.
Avvalroq “Milan” joriy mavsum davomida 5 marta penaltidan foydalana olmagan holda bu borada kuchli beshlik ligalarida eng yomon natijani qayd etayotgani xabar qilingandi.
“Milan” mavsum tugashiga 2 tur qolganda 75 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda. Jamoa keyingi o‘yinlarini “Kalyari” (16-may) va “Atalanta”ga (23-may) qarshi o‘tkazadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)