O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Sian shahrida bo‘lib o‘tadigan “Xitoy—Markaziy Osiyo” ikkinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun 11—12-may kunlari Xitoyga boradi.
TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur tadbirda Xitoy, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari ham qatnashadi.
Vazirlar uchrashuvi chog‘ida o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, tomonlar uchun manfaatli hamkorlikni yanada ilgari surish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, transport yo‘laklari bog‘liqligiga ko‘maklashish va uzluksiz savdoga keng yo‘l ochish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida Abdulaziz Komilov Xitoy TIV rahbari Van I bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi va “Ipak yo‘li” 5-xalqaro EKSPO ochilish marosimida nutq so‘zlaydi.
Eslatib o‘tamiz, “Markaziy Osiyo—Xitoy ” birinchi vazirlar uchrashuvi 2020-yil 16-iyul kuni videokonferensiya shaklida o‘tkazilgandi.
Avvalroq Abdulaziz Komilov AQSh davlat kotibi bilan telefon orqali suhbatlashib, uni Toshkentga taklif qilgani, Qirg‘iziston elchixonasiga borib, chegara to‘qnashuvlarida vafot etganlar munosabati bilan hamdardlik bildirgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)