Nukusda o‘zini kanalga tashlagan 21 yoshli qizni Milliy gvardiya xodimlari qutqarib qolgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Unga ko‘ra, 2021-yil 26-aprel kuni soat 08:30 lar chamasi Nukus shahar “Jiydeli baysin” mahallasida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro N.D. o‘z joniga qasd qilish maqsadida Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanaliga o‘zini tashlagan. Shu joyda xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimi qizni qutqarib qolgan.
N.D.ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda fuqaro N.D. o‘z uyida va sog‘lig‘i bo‘yicha hech qanday shikoyati yo‘q. O‘z joniga qasd qilish sabablari o‘rganib chiqilganda, qiz hech qanday tazyiq ostida bo‘lmaganini, oilasida ham hech qanday janjal yo‘qligini va o‘rtog‘i bilan tortishib qolganligini aytib o‘tgan.
Fuqaro N.D. Nukus shahrida oilasi bilan birgalikda yashaydi. 2017-yilda N.D. Nukus shahar IIB tomonidan profilaktik hisobga olingan.
Bundan avval Qashqadaryodagi qamoqxonada mahkum o‘zini osib qo‘ygani, O‘zbekistonda 2020-yilda voyaga yetmaganlarning 500 nafardan ortig‘i o‘z joniga qasd qilgani hamda Namanganda 4 yoshli bolasini o‘ziga bog‘lab suvga sakragan ayol qutqarib olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)