Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov Oliy Majlis Senatining 23-aprel kuni o‘tkazilgan 14-yalpi majlisida prokuratura organlarining 2020-yildagi faoliyati haqida ma’lumot berdi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.

Foto: Oliy Majlis matbuot xizmati

Senatorning ta’kidlashicha, haqiqatan ham juda ko‘p ishlar qilindi, ammo shu bilan birga, prokuratura faoliyatini tahlil qilish natijalari mamlakatda qonun ustuvorligini to‘laqonli ta’minlash borasida hali ham dolzarb masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashdagi kamchiliklar oqibatida go‘daklar o‘limi 428 taga, onalar o‘limi 10 taga oshgan.

Prokuratura organlari tomonidan voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilgan ishlarga qaramay, Nariman Umarov sohadagi kamchiliklarga e’tibor qaratdi. Xususan, 2020-yili voyaga yetmaganlar tomonidan 1134 ta jinoyat sodir etilgan va 526 nafar voyaga yetmagan shaxs o‘z joniga qasd qilgan.

“Bu davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yetarli darajada samarali emasligidan dalolat beradi”, — degan senator.

Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy jinoyatchilik 34,7 foizga, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 49 foizga, shu jumladan, qasddan odam o‘ldirish 13 foizga, qasddan og‘ir shikast yetkazish 13 foizga, nomusga tegish 27,7 foizga, bosqinchilik 18,5 foizga oshgan.