Samarqandda 2021-yilning 19-aprelidan boshlab ikkinchi malaka toifalariga talabgor o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish boshlangan edi. “Daryo”ga viloyatdagi attestatsiya o‘tkaziladigan auditoriyaning birida kuzatuv kamerasi yopib qo‘yilgani aks etgan video kelib tushdi.
“Daryo” muxbiri mazkur holatga izoh olish maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Samarqand viloyati bo‘limi mas’ullari bilan suhbatlashdi.Ta’kidlanishicha, 2021-yilning 19-aprel kuni xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazining hududiy bo‘limida boshlangan attestatsiya jarayonlari markazning 5 ta auditoriyasida 100 ta kompyuterda onlayn tarzda o‘tkazilmoqda. Jarayon har bir xonaga o‘rnatilgan kameralar, qolaversa, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi vakillari nazorati ostida o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, kamera yuzi to‘sib qo‘yilgan holat markazning 101-xonasida tasvirga olingan.
Holatni izohlagan mas’ullar attestatsiya jarayonlari boshlangunga qadar kompyuterga kiritiladigan login va parolning maxfiyligini saqlash maqsadida bu ishga qo‘l urilganini bildirdi.
Aytilishicha, onlayn test topshiriladigan har bir kompyuterning login va paroli IP adresi bilan respublika serveridan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Login va parol Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbarining tegishli buyrug‘i bilan ushbu attestatsiya jarayonlariga biriktirilgan bir nafar xodimgagina ma’lum bo‘lib, u maxfiy tarzda parolni kompyuterga kiritgach, test topshirishga ruxsat beriladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, kompyuterga login va parolni kiritishda kuzatuv kamerasi orqali yaqinlashtirilgan holda parolning boshqa kishiga ma’lum bo‘lmasligi, maxfiylikni saqlash uchun kamera yuzi vaqtincha to‘silgan. Login va parol kiritib bo‘lingach, kuzatuv kamerasi ostida attestatsiya jarayoni davom etgan.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmatining ma’lumot berishicha, 6832 nafar o‘qituvchi ikkinchi malaka toifasiga o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishi belgilangan. Boshqarma boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva malaka oshirish hududiy markazida o‘tkazilayotgan attestatsiya jarayonlari bilan tanishgan. O‘rganish jarayonida har kuni o‘nlab o‘qituvchilar sababsiz attestatsiya jarayoniga kelmagani ma’lum bo‘lgan. Boshqarma boshlig‘i ushbu holat yuzasidan mas’ullarga zarur topshiriq bergan. Attestatsiya jarayonlari 29-aprelga qadar davom etishi belgilangan.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Samarqand viloyati hududiy bo‘limining tahririyatga bergan ma’lumoti qanchalik asosga ega ekani yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining munosabatini kutib qolamiz.
Izoh (0)