Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishidagi “3-bekat” stansiyasida vaqtni ko‘rsatuvchi soat darchasida harakatlanuvchi satrda nojo‘ya gap aks ettirilgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. “Toshkent metropoliteni” UK mazkur holatga izoh berdi.
“Ushbu hodisa bo‘yicha ichki xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Unga ko‘ra, 12-aprel kuni soat 16:40 da ushbu vaqtni ko‘rsatuvchi soat mexanizmiga xakerlar tomonidan kiberhujum (buzib kirish) sodir bo‘lganligi aniqlandi. Ushbu darcha elektron tizimli bo‘lib, Wi-Fi orqali boshqariladi. Hujumchilar soatga o‘rnatilgan parolni buzib, nojo‘ya gapni harakatlanuvchi satrga joylashtirgan”, — deyiladi poytaxt metropoliteni xabarida.
Qayd etilishicha, ushbu yozuv 4 daqiqa ichida olib tashlangan. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan aybdorlar qidirilmoqda va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.
“Toshkent metropoliteni” UK rahbariyati telekommunikatsiya tarmog‘iga noqonuniy (sanksiyasiz) ulanishga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tgan.
Avvalroq Toshkentdagi metro poyezdi yo‘lovchilar hayotini xavfga qo‘yib ochiq eshik bilan harakatlangani haqida xabar berilgan edi. “Toshkent metropoliteni” rahbariyati sodir bo‘lgan voqea yuzasidan kechirim so‘ragan va ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani, jumladan, vagon va stansiyadagi videoyozuvlar o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)