O‘zbekistonda qonunchilik hujjatlarini bajarmaslikka yoki buzishga ommaviy da’vat qilganlik uchun jarima belgilandi. Prezident tomonidan 30-mart kuni imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tegishli modda bilan to‘ldirildi.
Ushbu kodeksga kiritilgan 201-1-moddaga ko‘ra:
O‘zbekistonning qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari, internetdan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida da’vat qilish BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha (14,7 million so‘mdan 19,6 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, qonun “Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Hujjat bilan O‘zbekistonda ommaviy tartibsizlik va zo‘ravonlikka da’vat qilganlik uchun, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentini internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Izoh (0)