O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ramazon oyini munosib tarzda kutib olish, uni yuqori saviyada o‘tkazish va tarovih namozlarida fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida masjidlarda tayyorgarlik ishlari boshlanganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, masjidlarda taroveh namozlariga qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 10-aprel, shanba kuni “Ozodalik kuni” o‘tkaziladi.
“Koronavirus kasalligi bilan bog‘liq murakkab vaziyat davom etayotganini inobatga olgan holda taroveh namozlarida sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytiriladi. Xususan, namozxonlar tibbiy niqobda bo‘lish, oraliq masofani saqlash, tashrif buyuruvchilar tana haroratini o‘lchash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin tartib-qoidalariga rioya qilinadi”, — deyiladi idora matbuot xizmati e’lon qilgan xabarda.
Shuningdek, masjidlarda elektr, gaz va yong‘in xavfsizligi hamda namoz o‘qiladigan joylar muhofazasiga ham e’tibor qaratilishi, texnik jihozlarning sozligi ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida O‘zbekistonda masjidlar soni 2084 tadan oshgani haqida xabar berilgan edi. Mart oyida Toshkentda “Siroj solih” jome masjidi ochildi, Urgutda Samarqand viloyatidagi eng katta masjid ochilib, u Samarqand viloyatidagi eng katta masjidga aylandi, Namanganning “Afsonalar vodiysi” bog‘ida esa yangi masjid ish boshladi.
Izoh (0)