Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi qarzi 2020-yil yakunlariga ko‘ra 33,8 milliard dollarni tashkil qildi. Spot’ning yozishicha, 2020-yilda u 37,4 foizga yoki 9,2 milliard dollarga oshdi.
Yangi qarzlarning jalb qilinishi koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini yumshatish uchun hamda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun sarflangani bilan izohlangan.
“Bunda 2019-yildan boshlab davlat tashqi qarzi keskin o‘sishini kuzatish mumkin”, — deya e’tibor qaratgan Markaziy bank.
Qarzlarni to‘lashga kelsa, 2020-yilda davlat qarzi bo‘yicha 651,3 million dollar miqdordagi asosiy qarz va 380,2 million dollar foiz to‘lovlari amalga oshirilgan, xususiy qarz bo‘yicha esa mos ravishda 2 milliard dollar va 370,8 million dollar qarz qaytarilgan.
Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “2021-yilgi fuqarolar uchun budjet” loyihasida O‘zbekistonning jami davlat qarzi 2021-yil yakunida 28,4 milliard dollarga (YaIMga nisbatan 44,9 foiz) yetishi prognoz qilinmoqda. Moliya vazirligi esa buni xavfsiz darajada deb hisoblamoqda.
Izoh (0)