Jessika Alba aktrisalik karyerasining eng yuqori cho‘qqisida yangi imkoniyatlarni kashf etishga qaror qildi. 39 yoshida muvaffaqiyatli tadbirkorga aylangan Gollivud yulduzi Romper jurnaliga bergan intervyusida hayotidagi o‘zgarishlar haqida gapirib berdi, deb yozadi ELLE.
“Onamga saraton kasalligi tashxisi juda erta, 20 yoshligida qo‘yilgan. O‘zim ham surunkali kasalliklar bilan ulg‘ayganman. 11 yoshimgacha 5 marotaba jarrohlik amaliyotini o‘tkazganman. Doimiy allergiya tufayli tez-tez shifoxonaga yotqizilar edim, − deydi u. – Qizalog‘im dunyoga kelganida esa, ichimda qandaydir his paydo bo‘ldi. Men bu dunyoga olib kelgan jajji odamcham bilan yashashni, imkon qadar u bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni xohlayotganimni angladim. Salomatlik eng qadrli narsa ekanini tushunib yetdim. U bo‘lmasa, baxtli bo‘lish ham qiyin. Buni anglash menga turtki bo‘ldi. Karyeramning eng gullab-yashnagan chog‘ida avvalgi qilgan ishimga qaytishni xohlamadim”, − deydi Jessika.
Jessika ona bo‘lganidan so‘ng “yanada ko‘proq” narsa qilishi kerakligini tan oldi. Shuning uchun ham u karyerasiga e’tibor qaratish o‘rniga ishbilarmon ayol bo‘lishga qaror qildi. Natijada 2012-yilda The Honest Company’ga asos soldi. Kompaniya ekologik toza, kimyoviy moddalarsiz bolalar mahsulotini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
“Brend yaratish va biznes qilish juda qiyin. Shuningdek, uning gullab-yashnashi va kengayishi bundan ham mushkul. Sherik topish uchun menga uch yarim yil kerak bo‘ldi va men bir necha marotaba rad javoblar oldim. Men har bir bosqichda rivojlanib borishni yaxshi ko‘raman va bu taniqli brend nomini qadoqlash hamda yangi to‘plam taqdim etishdan ko‘ra ko‘proq ko‘nikmalarni talab etadi”, − deydi tadbirkor.
Mavzuga doir:
- Butun dunyoni shaxmat o‘ynashga undagan “Qirolichaning yurishi” seriali yulduzi Anya Teylor-Joy haqida qiziqarli faktlar (foto)
- “Xotira kundaligi” filmi yulduzi Reychel Makadams nega ekranlarda ko‘rinmay qoldi? (foto)
- “Charchadim, ketaman”. Bolaligidan yulduz bo‘lishga ulgurgan Emma Uotson karyerasini yakunlamoqda
Izoh (0)