Rossiya Davlat Dumasi 24-mart kuni uchinchi va oxirgi o‘qishda amaldagi davlat rahbari Vladimir Putinning prezidentlikka qayta saylanish uchun o‘z nomzodini ko‘rsatishga imkon beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmatiga tayanib “RBK” xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, qonun loyihasi to‘g‘risidagi gap 2020-yilning yozida umumxalq ovozidan so‘ng qabul qilingan Konstitutsiyaviy tuzatishlarni amalga oshirish uchun qonunchilikka kiritilgan navbatdagi tuzatishlar to‘plami haqida ketmoqda.
Qonunga ko‘ra, bir shaxs Rossiyada ikki martadan ortiq prezident bo‘lishi mumkin emas. Biroq tuzatishlardan biriga ko‘ra, endilikda ushbu cheklov Konstitutsiyadagi tuzatishlar kuchga kirguniga qadar davlat rahbari bo‘lib ishlaganlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Shunday qilib, Putinning prezidentlik qilgan muddatlari “nolga” tenglashdi, bu unga prezidentlik saylovlarida yana nomzod sifatida qatnashishga imkon beradi.
Prezidentga qo‘yiladigan yangi talablar orasida nomzod kamida 35 yosh bo‘lishi, Rossiyada kamida 25 yil yashagan bo‘lishi, chet el fuqaroligiga ega bo‘lmasligi yoki avval xorijda yashash uchun ruxsatnoma olmagan bo‘lishi kerak. Agar xorijiy hudud Rossiya tarkibiga kirgan bo‘lsa, bundan mustasno qilinadi.
Davlat dumasi tomonidan qabul qilingan qonun, shuningdek, deputatlar oldiga ham yangi talablarni qo‘ydi. Parlamentning quyi palatasiga nomzodlar mamlakatda doimiy yashashi shart. Fuqaroning Davlat dumasiga nomzodini ko‘rsatolmasligi uchun sabablar ro‘yxati ham kengaytirildi, jumladan, unga muayyan jinoyatlar ro‘yxati kiritilib, ushbu jinoyatlar bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan va hali ozod qilinmagan yoki sud hukmi bekor qilinmagan fuqarolarning nomzodi rad etiladi. “Ushbu cheklov sudlanganlik olib tashlangan yoki bekor qilingan kundan boshlab besh yil o‘tguniga qadar amal qiladi”, — deyiladi xabarda.
Deputat Valentina Tereshkova 2020-yil mart oyida Putin uchun prezidentlik muddatini “nol” qilishni taklif qildi. “Barchasi halol, ochiq, oshkora ta’minlanishi kerak. Konstitutsiyadan prezidentlik muddati sonidagi cheklovlarni olib tashlash kerak yoki vaziyat talabidan va xalqning xohishidan kelib chiqib, amaldagi prezident ushbu lavozimga qayta saylanishi kerak... Bu mamlakat ichkarisida ham, tashqi konturda ham barqarorlik garovidir”, — dedi u.
Tuzatish konstitutsiyaviy o‘zgartirish loyihasiga kiritildi. Tuzatishlar bo‘yicha ovoz berish 2020-yilning 25-iyunidan 1-iyuligacha davom etdi, fuqarolarning deyarli 78 foizi asosiy qonunning yangi tahririni qo‘llab-quvvatladi. 4-iyuldan tuzatishlar kuchga kirdi.
2020-yilning noyabr oyida ovoz berish natijalariga ko‘ra deputatlar Pavel Krashennikov va Olga Savastyanova, shuningdek, Federatsiya kengashi a’zosi Andrey Klishas Davlat dumasiga Putinning prezident etib qayta saylanishiga ruxsat beruvchi qonun loyihasini kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidentining jiyani Roman Putin davlat rahbari Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasini tuzdi. Yangi tashkilot uy-joy kommunal xo‘jaligi, tibbiyot va ta’lim sohasida prezident farmonlarining bajarilishi va tartibga solish ishlarini nazorat qiladi hamda yoshlardagi vatanparvarlik va sport tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. Putinni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi Rossiyaning barcha hududlarida o‘z filialini yaratishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Putin Medvedevni o‘zining ilm-fan va ta’lim bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlagani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)