Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi 42-umumta’lim maktabi o‘qituvchilarining maktab ta’miri ishlariga jalb qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur holat qat’iy nazoratga olingan hamda atroflicha o‘rganib chiqilayotganini ma’lum qildi.

“Aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunida pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, ularni biron-bir shaklda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan yuqoridagi holatga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rilishi ta’minlanadi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, bitta maktabdagi holatni umumiy vaziyat sifatida baholamaslik so‘raldi.
Holatga Andijon viloyati hokimligi ham munosabat bildirib, masala o‘qituvchilarning qadr-qimmati bilan bog‘liqligi sababli, mazkur holat viloyat hokimi tomonidan alohida nazoratga olinganini ma’lum qildi.
“Viloyat hokimligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, xolis va atroflicha o‘rganish ishlari boshlangan. Ushbu holat hozirda o‘rganishda bo‘lgani sabab, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, bloger hamda OAV vakillaridan tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi hokimlik xabarida.
Qayd etilishicha, o‘rganish yakunlari bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etiladi va holatga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga qat’iy choralar ko‘riladi.
“Viloyat hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarning asosiy vazifasi — ta’lim berish, tarbiyalash va kelajak avlodni shakllantirishdan iboratligi yuzasidan bildirilgan fikrlarni to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda, o‘qituvchilarni ta’limdan tashqari ishlarga jalb qilishni mutlaqo noqonuniy hisoblanishini bildiradi”, deyiladi hokimlik munosabatida.
“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlangan. Ularni biron-bir shaklda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.
Izoh (0)