Rossiya prezidentining jiyani Roman Putin davlat rahbari Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasini tuzdi. Bu haqda Roman Putinning matbuot xizmatiga tayanib, Meduza xabar berdi.
“Ushbu Butunrossiya tashkiloti Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan olib borilgan rivojlanish kursini qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatning barcha fuqarolarini faol hayotiy pozitsiya bilan birlashtirishga chaqiradi”, — dedi Roman Putinning vakillari.
Yangi tashkilot uy-joy kommunal xo‘jaligi, tibbiyot va ta’lim sohasida prezident farmonlarining bajarilishi va tartibga solish ishlarini nazorat qiladi hamda yoshlardagi vatanparvarlik va sport tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. Putinni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi Rossiyaning barcha hududlarida o‘z filialini yaratishni rejalashtirmoqda.
Kreml Roman Putinning tashabbusi haqida hali izoh bermadi.
Ma’lumot uchun Roman Putin — prezidentning amakivachchasi Igor Putinning o‘g‘li. U Federal xavfsizlik xizmatida ishlagan, 2012-yildan Novosibirsk viloyati gubernatorining ko‘ngilli maslahatchisi bo‘lgan, ammo bir yil o‘tib ishdan bo‘shatilgan. Roman Putin bir qancha kompaniyalarga egalik qiladi. U 2013-yildan beri Rossiya taekvondo federatsiyasining homiylik fondini boshqarib kelmoqda.
2014-yilda Roman Putin Londonda Putin Consulting Ltd kompaniyasiga asos solgan, ammo keyinchalik uni Rossiyada Putin Consulting MChJ sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazgan. “Vedomosti” nashrining yozishicha, kompaniya ishbilarmonlarga tenderlarga tayyorgarlik ko‘rish va kerakli davlat shartnomasini olishga yordam beradi. Agar ular muvaffaqiyatli bajarilsa, kompaniya tender hajmining 3 foizdan 10 foizgacha qismini oladi.
Roman Putin nashrga bergan intervyusida familiyaning konsalting biznesidagi ahamiyati haqidagi savolga shunday javob berdi: “Ism unchalik muhimmas, ammo familiya hamma narsani hal qiladi”.
2020-yil mart oyida Roman Putin prezident tarafdorlari siyosiy partiyasini tuzish rejalarini e’lon qilgan. Iyun oyida u “Xalq korrupsiyaga qarshi” partiyasining rahbari etib saylandi. Ko‘p o‘tmay Adliya vazirligi partiyani ketma-ket yetti yil saylovlarda qatnashmagani sababli tugatilishini talab qildi, noyabr oyida Oliy sud vazirlikning da’vosini qondirdi. Dekabr oyida Roman Putin “Korrupsiyasiz Rossiya” partiyasini tuzdi.
Avvalroq Putinning jiyani o‘z biznesi va Navalniyga nisbatan hurmati haqida gapirib bergan edi. U biznesda ancha kamsuqum odam ekanligini aytib, “biz oligarxlar emasmiz” degan. Shuningdek, ingliz tilidagi Wikipedia’da unga tegishli deb ko‘rsatilgan yaxta va Kaliforniyadagi yer maydonini “G‘arbning gij-gijlashlari” deb atagan.
Izoh (0)