FIFA tashkiloti 2020-yilgi moliyaviy hisobotlarni ochiqladi.
Unga ko‘ra, tashkilot 2020-yil mobaynida 267 million dollar ishlab topgan, bu pullarning katta qismi — deyarli 159 million dollar videoo‘yinlar, ya’ni FIFA simulyatori litsenziyasi sotuvidan tushgan.
FIFAning umumiy daromadi taxmin qilingan miqdordan 7 foizga ko‘p bo‘lgan. Shu sabab tashkilot koronavirus sababli yuzaga kelgan noqulay vaziyatga qaramay, 2019—2022-yillarga mo‘ljallangan moliyaviy rejalarini o‘zgartirmaydi. FIFA bu to‘rt yilda umumiy miqdorda 6,44 milliard dollar daromad qilishni rejalashtirgan.
Qayd etish kerak, FIFA futbol bo‘yicha Jahon Chempionatini o‘tkazishdan katta miqdorda foyda oladi. Yaqinlashib kelayotgan musobaqa 2022-yilning so‘ngida Qatarda o‘tkaziladi.
FIFA bayonotida keltirilishicha EA Sports va FIFA o‘yinlar seriyasi hisobiga pandemiyani kam yo‘qotishlar bilan o‘tkazgan. Tashkilotda 1,9 milliard dollar miqdorida zaxira mablag‘lari ham qolgan.
EA Sports hisobotlariga ko‘ra, FIFA Ultimate Team tizimi 2020-yilda 1,49 milliard dollar daromad keltirgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)