Qozog‘iston Milliy banki mamlakatning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev tasvirlangan kolleksion tangalarni muomalaga chiqaradi. Bu haqda bankning rasmiy saytiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Nominal qiymati 1000 tenge (2,4 dollar) Qazaqstannyn Astanasy — Nur-Sultan deb nomlangan mazkur kumush tangalar “Mashhur voqealar va shaxslar” seriyasida zarb qilinyapti. Tanganing umumiy adadi 1000 dona. Tangalarning teskari tomonida Qozog‘iston bayrog‘i, “Nur-Sultan” yozuvi, davlat rahbarining qarorgohi — Oq O‘rda va poytaxtning diqqatga sazovor joylari: Bayterek yodgorligi, “Ostona Opera” binosi, EKSPO milliy pavilyoni, “Xon-Shatir” savdo-ko‘ngilochar markazi tasvirlangan. Oltin komponentli qismida Nazarboyevning portreti tasvirlangan.
Tanganing old tomonida Nurjol bulvari va “1000 tenge” yozuvini ko‘rishingiz mumkin. Oltindan ishlangan qismida Qozog‘iston gerbi tasvirlangan. Tanga Qozog‘iston zarbxonasida tarkibi 16 grammli 999/1000 probali oltin komponentiga ega bo‘lgan, og‘irligi 46,2 grammlik 925/1000 probali kumushdan yasalgan. Diametri 50 millimetrni tashkil qiladi.
Kolleksion tangalar suvenir qadoqlarida sotiladi hamda qozoq, rus va ingliz tillarida Milliy bankning raqamlangan sifat sertifikati bilan ta’minlanadi.
Keyinchalik Milliy bank tangalar sotuvga chiqadigan sanani ma’lum qiladi. Ular butun mamlakat bo‘ylab to‘lov uchun ishlatilishi mumkin, shuningdek, bank hisoblariga o‘tkazmalar, pul ko‘chirish va banklarda almashtirishda foydalanish mumkin.
Shuningdek, “Mashhur voqealar va shaxslar” seriyasida shoir va o‘qituvchi Abay Qo‘nonboyev va Qozog‘iston SSSR xalq yozuvchisi Juban Moldagaliyev obrazlari bilan ham tangalar zarb qilinyapti.
Ma’lumot uchun, Nursultan Nazarboyev 1990-yildan 2019-yilgacha Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan. 2020-yilning iyul oyida u 80 yoshni qarshiladi. Prezidentlik muddati tugaganidan keyin u “Nur Otan” partiyasining raisi, Qozog‘iston konstitutsiyaviy kengashi a’zosi va Xavfsizlik kengashi raisi bo‘ldi. Mamlakatning birinchi prezidenti va millat yetakchisi (elboshi) sifatida Nazarboyevga Xavfsizlik kengashida umrbod rahbarlik qilish huquqi “Qozog'iston Respublikasi Xavfsizlik kengashi to‘g‘risida”gi qonun tomonidan berilgan.
Avvalroq Kanadada mamlakat aholisini og‘ir damlarda kerakli narsalar bilan ta’minlayotgan volontyorlar, oziq-ovqat do‘konlari sotuvchilari, shifokorlar, tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar sharafiga maxsus tanga zarb qilgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)