Toshkent shahrida bolalarga noqonuniy diniy ta’lim bergan yana bir shaxs aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan shaxs Olmazor tumanining “Jiydali” MFYda vaqtincha istiqomat qilayotgan xonadonda 2025-yilning may oyidan buyon yoshlarning 15 nafariga noqonuniy diniy ta’lim bergan va buning evaziga har biridan 150 dollardan pul olib keladi.
Aniqlanishicha, respublikaning turli hududlaridan kelgan, 2004—2014-yillar oralig‘ida tug‘ilgan bu “ilm izlovchilar”ning 11 nafari voyaga yetmagan bo‘lib, ular orasida 3 yildan buyon maktabga bormayotgan o‘quvchi ham bor.
Xuddi shu mahallada ijaraga olingan yana bir xonadonda ham poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi, 1977-yilda tug‘ilgan shaxs joriy yilning iyun oyidan buyon 10 nafar bolaga noqonuniy diniy ta’lim berib, evaziga har biridan 100 dollar hamda yegulik uchun oziq-ovqat mahsulotlarini talab qilgan.
Huquq tartibot organlari tomonidan xonadonda tekshiruvlar o‘tkazilishi ehtimolini hisobga olib, bolalarni yashirish uchun qo‘lbola yerto‘la qurdirgan. Mazkur yerto‘la, ya’ni “quduq” temir qopqoq bilan yopilib, tosh va qum bilan berkitilgan. Bu bilan u bolalarning hayoti xavf ostiga qo‘yilgan.
Har ikki holat bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor sud o‘tkazilib, ushbu shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasi (diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) asosida javobgarlikka tortildi. Ushbu moddaga ko‘ra, maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi, shuningdek, xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Yuqoridagi shaxslar noqonuniy diniy ta’lim berishda maxsus gologrammaga ega bo‘lmagan, norasmiy shaklda chop etilgan mavzuga oid adabiyotlar va turli qo‘lyozmalardan foydalangani aniqlangan. Mazkur yo‘nalishda Farg‘ona viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida diniy mazmundagi shunday materiallar noqonuniy ravishda tayyorlab kelingani fosh bo‘lgan.
Buvayda tumanida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro yashash xonadoni va o‘ziga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida bosmaxona tashkil qilib, diniy mazmundagi kitoblarni chop etish bilan shug‘ullangan. U mazkur kitoblarni Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi kitob do‘konlariga yetkazib bergan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida kelgusida sotish maqsadida tayyorlab qo‘yilgan 1210 dona kitob, 2000 dona yarim tayyor holatga keltirilgan bosma mahsuloti hamda 6 ta chop etish dastgohlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Ushbu shaxs 2024-yilning iyul oyida muqaddam diniy mazmundagi kitoblarni qonunga xilof ravishda chop etgani uchun jarimaga tortilgan bo‘lsa-da, yana noqonuniy harakatlarini davom ettirgan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX Surxondaryo viloyati Boysun tumanida hujra tashkil qilib, bolalarni qiynoqqa solib kelgan yigit qo‘lga olinganini ham xabar qilgandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda qamoqqa olingan. Farg‘ona viloyatining Yozyovon, Qo‘shtepa, Dang‘ara, Farg‘ona tumanlarida ham bolalarga hujra sharoitida noqonuniy diniy saboq berganlar qo‘lga tushgandi.
Izoh (0)