Tesla va SpaceX kompaniyalarining rahbari, amerikalik milliarder Ilon Mask may oyida Qozog‘iston talabalari oldida chiqish qiladi. Tashkilotchilar u bilan uchrashuv yetti oy davomida kelishilganini aytgan. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
“Men Yevropa Iqtisodiyot, biznes va huquq oliy kollejining ta’sischisiman. Masofaviy o‘qitish boshlanganida, talabalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotmaslik uchun biz chet el o‘qituvchilarini dars jarayonlariga jalb qila boshladik. Ular har hafta ma’ruza o‘qidi.
2020-yilning sentabr oyida biz Ilon Maskni taklif etishga qaror qildik. Hammasi tez va oson bitadi deb o‘ylagan edim. U bilan bog‘lana boshladik, lekin afsuski, yozishmalarimiz yetti oyga cho‘zilib ketdi va kecha undan javob xati oldik, u talabalarimiz bilan 15-20 daqiqa uchrashishga tayyor. Uning ish rejasi butun yil uchun tuziladi”, — dedi Talgat Turemuratov.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu qozog‘istonlik talabalar uchun yaxshi rag‘batlantirish. Endi Mask bilan uchrashishni istagan talabalar sonini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Yevropa Iqtisodiyot, biznes va huquq oliy kollejining talabalari bilan birga, boshqa ta’lim muassasalari talabalari ham ishtirok etadi.
“Uchrashuv 1-may kuni Zoom platformasida bo‘lib o‘tadi. Biz talabalarning texnologiya, biznes bo‘yicha qiziqtirgan savollarini berishini xohlaymiz”, — deb qo‘shimcha qildi Talgat Turemuratov.
Shuningdek, Ilon Mask Rossiya prezidentini Clubhouse ijtimoiy tarmog‘i orqali muloqot qilishga taklif etgan edi.
Avvalroq Tesla aksiyalari deyarli 20 foizga qimmatlashib, Ilon Maskning boyligi bir kun ichida rekord darajada — 25 mlrd dollarga ko‘paygani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)