SpaceX va Tesla kompaniyalari asoschisi bir kunda rekord darajada — 25,1 milliard dollarga boyidi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Foto: Reuters

Shundan keyin tadbirkorning boyligi 174 milliard dollarni tashkil qildi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Mask dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida ikkinchi pog‘onani egallab turibdi. Uning boyligi Amazon asoschisi Jeff Bezosnikidan 6 milliard dollarga kamroq (Bloomberg’ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Bezosning boyligi 180 milliard dollarni tashkil etadi).

Mask va Bezos yil boshidan buyon dunyoning eng boy odamlari reytingida bir-biri bilan yetakchilikni almashib kelyapti. 7-yanvar kuni Mask birinchi marta 188,5 milliard dollar bilan ro‘yxatda yetakchilik qildi. Bungacha u bu ro‘yxatning birinchi elliktaligidagi oxirgi pog‘onada turar edi.

Bloomberg’ning yozishicha, 9-mart kuni texnologik sektor kompaniyalarining aksiyalari narxi uch haftalik tushishdan keyin yana qayta qimmatladi. Buning natijasida Bezos 6 milliard dollar ishlab, o‘z boyligini 180 milliard dollarga ko‘tarib oldi.

Shuningdek, Tesla aksiyalari deyarli 20 foizga qimmatlashib, 3-fevraldan buyon erishilgan eng yaxshi natijaga aylandi. Boshqa omillar qatori, aksiyalar qimmatlashiga New Street Research tahlilchisi Pyer Ferraguning Tesla’ni “sotib olish” bo‘yicha tavsiyasi, shuningdek, maqsadli aksiyalar narxining ko‘tarilgani ta’sir ko‘rsatdi.

Fevral oyining oxirida Tesla aksiyalari sentabrdan buyon birinchi marta 8,6 foizga tushib ketgan edi. Natijada Mask reytingdagi yetakchilikni Bezosga bo‘shatib berdi.