“Real” hujumchisi Karim Benzema La Liga 26-turi doirasida 7-mart kuni kechgan “Atletiko”ga qarshi o‘yinda (1:1) ishtirok etdi va jamoasining goliga mualliflik qildi.
Bu fransiyalik futbolchi uchun “Real” safida chempionatdagi 371-o‘yin bo‘ldi. Benzema Primerada eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha Ispaniyadan bo‘lmagan futbolchilar orasida klub rekordini o‘rnatdi. Bunga qadar eng yaxshi natija Roberto Karlosga (370 o‘yin) tegishli edi.
Avvalroq Benzema “Real” safidagi umumiy o‘yinlar soni bo‘yicha ham legioner futbolchilar orasida rekord o‘rnatgan va unda ham Karlosni ortda qoldirgandi.
Eslatib o‘tamiz, Karim 14-fevral kuni olgan jarohatidan keyin birinchi marta maydonga tushdi va Madrid derbisida to‘liq harakat qildi.
Fransiyalik forvard 2009-yildan buyon “Real”da to‘p surib keladi. U La Liga 2020/21-yilgi mavsumida 22 o‘yin o‘tkazib, 13 gol va 5 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)