O‘zbekistonlik futbolchi Jasur Jaloliddinov faoliyatini “Andijon” klubida davom ettiradi.
Andijonliklar matbuot xizmati 18 yoshli futbolchi bilan shartnoma imzolanganini rasman ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Jaloliddinov 2020-yilda Moskvaning “Lokomotiv” klubiga yo‘l olgandi. Biroq Jasur “temiryo‘lchilar” asosiy jamoasida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lolmadi va “Tambov”ga ijaraga berildi. “Tambov”da ham futbolchi Rossiya Premyer Ligasida birorta o‘yin o‘tkazmadi. 2021-yil boshida Jaloliddinov “Lokomotiv M” bilan shartnomani bekor qildi va erkin agentga aylangandi.
Jasur Jaloliddinov — 2002-yil 15-mayda Navoiyda tug‘ilgan. 2018-yil 2-avgust sanasida “Bunyodkor” safida Superliga doirasida debyut o‘yinini “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘tkazgan. U debyut qilgan vaqtda 16 yosh 80 kunlik edi. Bu orqali u O‘zbekiston chempionatida maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylangandi. 2019-yil oktabrida The Guardian talqiniga ko‘ra, dunyoning eng iste’dodli 60 futbolchisi ro‘yxatida qayd etilgan. 2019-yil yakunlariga ko‘ra, Superliganing eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan. 2019-yil dekabrida Italiyaning “Benevento” klubi ko‘rigida bo‘lgan.
Izoh (0)