O‘zbekistonlik yarim himoyachi Jasur Jaloliddinovning agenti Yuriy Belous mijozining “Lokomotiv M” bilan shartnomani bekor qilgani haqida gapirdi.

Foto: “Chempionat”

Bekor qilindi so‘zi — bu holatda qo‘polroq eshitiladi. Biz “Lokomotiv” uchun ham, o‘yinchi uchun ham to‘g‘ri qarorni qabul qildik: shartnomani to‘xtatdik. Bu futbolchining xohishi edi. Klubda legioner qaydnomasi to‘lib ketgandi.

Bir tomondan Jasur klubdan minnatdor. Bu uning uchun ajoyib tajriba bo‘ldi. U birga mashg‘ulot o‘tagan Miranchuklar esa, uning uchun afsonalar.

Boshqa tomondan esa, u o‘ynashi va o‘sishi zarur. Balki, u yana “Lokomotiv”ga qaytar. 18 yoshida moslashish jarayoni qiyin kechgani va o‘sha vaqtda klubga bekorga kelmaganini isbotlay olar.

Unda qiziqarli takliflar bor, xususan, yaqin sharq, markaziy Yevropa va Ispaniya Segundasidan. Ko‘ramiz, bu nima bilan yakunlanar ekan. Endi erkin muzokaralarga kirisha olishimiz mumkin.

Shartnomani bekor qilish uchun kompensatsiya? Buni muhokama qilmaymiz, bu yopiq ma’lumot, biroq shartlar klub va futbolchi uchun foydali bo‘ldi.

Yuriy Belous, futbol agenti

Avvalroq “Lokomotiv” va Jaloliddinov o‘zaro kelishuvga ko‘ra shartnomani bekor qilgani e’lon qilingandi.

Jaloliddinov 2020-yilning iyul oyida “Lokomotiv” futbolchisiga aylandi. Biroq moskvaliklar yarim himoyachini Rossiya Premyer Ligasi ro‘yxatidan chiqarib yubordi va Jasur “Tambov”ga ijaraga berildi. Biroq 18 yoshli o‘yinchi “Tambov” safida ham birorta o‘yin o‘tkazmadi.

Jasur Jaloliddinov — 2002-yil 15-mayda Navoiyda tug‘ilgan. 2018-yil 2-avgust sanasida “Bunyodkor” safida Superliga doirasida debyut o‘yinini “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘tkazgan. U debyut qilgan vaqtda 16 yosh 80 kunlik edi. Bu orqali u O‘zbekiston chempionatida maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylangandi. 2019-yil oktabrida The Guardian talqiniga ko‘ra, dunyoning eng iste’dodli 60 futbolchisi ro‘yxatida qayd etilgan. 2019-yil yakunlariga ko‘ra, Superliganing eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan. 2019-yil dekabrida Italiyaning “Benevento” klubi ko‘rigida bo‘lgan.