Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi “Shovotlandiya” kafesida 27-fevral kuni yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ushbu yong‘in oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi deb, xabar berdi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Chilonzor tumanida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Yahyo Abdulhaqov, Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov va uning o‘rinbosari Ikrom Narimov hamda boshqa mutasaddilar ishtirokida 27-fevral kuni Qizil Sharq mavzesidagi “Shovotlandiya” kafesiga o‘t qo‘yish bilan bog‘liq jinoyatning muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, 26-fevraldan 27-fevralga o‘tar kechasi mazkur kafeda yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in shu kafeda ishlagan va yashagan besh nafar insonning hayotiga zomin bo‘lgan.
Tadbirda ishtirok etgan huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari umumiy ovqatlanish joylari rahbarlariga murojaat qilib, o‘z ishchilarini ijtimoiy himoya qilinishiga mas’ul ekanligini, xodimlar noturar binolarda yashamasliklari uchun yashash joyi bilan ta’minlashlarini va ularni ishga yollashda to‘liq tekshirishlarini so‘radi.
Bundan avval Farg‘onada Lacetti bilan to‘qnashgan Matiz yonib ketishi oqibatida ikki nafar yo‘lovchi ayol vafot etgani hamda Bektemirdagi Chirchiq daryosi bo‘yida yirik yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)