O‘zbekiston OTM talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, endilikda talabaga oilasining betob a’zosi (otasi, onasi, akasi, ukasi, opasi, singlisi, turmush o‘rtog‘i)ni parvarish qilish uchun ham akademik ta’til berilishi mumkin bo‘ladi.
Buning uchun talaba talaba ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun akademik ta’til olmoqchi bo‘lgan talaba taqdim etadigan arizasida oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi komissiyasining xulosasi ilova qilishi lozim.
Talabaning arizasiga muvofiq OTM rektori (filial direktori) tomonidan belgilangan kamida 1 semestr muddatga akademik ta’til berilishi mumkin.
Talabaga akademik ta’til berilishi uni oliy ta’lim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi. Akademik ta’til davrida talabaga stipendiyalar to‘lanmaydi.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda talabalariga akademik ta’til berish tartibi 2010-yil 4-sentabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan nizom talablari asosida amalga oshiriladi va quyidagi hollarda berilishi mumkin:
- harbiy xizmatni o‘tash uchun;
- salomatligini tiklash uchun;
- homiladorlik va tug‘ish uchun;
- bolalarni parvarish qilish uchun.
Izoh (0)