Futbol bo‘yicha Angliya Premyer Ligasi 22-turi doirasida “Manchester Siti” 3-fevral, chorshanba kuni “Byornli” mehmoni bo‘ldi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Ushbu bahsda “shaharliklar” darvozasini Ederson Moraes qo‘riqladi. Bu braziliyalik posbon uchun APLdagi ketma-ket sakkizinchi quruq o‘yin bo‘ldi.
“Manchester Siti” APLda ketma-ket 8 ta o‘yinda 8 ta g‘alabani qayd etdi. To‘plar nisbati esa 17:0. Ederson so‘nggi bor APL doirasida 2020-yil dekabrida gol o‘tkazgandi.
Ederson Premyer Liga tarixida ketma-ket 8 ta quruq o‘yin o‘tkazgan beshinchi darvozabon bo‘ldi. Bu borada rekord Edvin van der Sarga tegishli — 14. Petr Chex, Alisson va Xose Reynalar esa 8 tadan quruq o‘yin o‘tkazgan.
Ma’lumot uchun, “Byornli”ga qarshi bahsdagi g‘alabadan so‘ng Gvardiola jamoasining ochkolari soni 47 taga yetdi. “Shaharliklar” zaxirasida bitta o‘yin bor va jamoa musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinda borayotgan hamshahari “Manchester Yunayted”ni 3 ochkoga ortda qoldirgan holda yakka peshqadam bo‘lib turibdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)