“Barselona” hujumchisi Lionel Messi Ispaniya Superkubogi finalida “Atletik B”ga qarshi kechgan o‘yindagi (2:3) harakati uchun uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Messi uchrashuvning qo‘shimcha bo‘limlari tugayotgan bir vaqtda “Atletik” futbolchisi Asyer Vilyalibrening bosh qismiga qo‘li bilan zarba bergandi. Natijada hakam Xesus Xil Mansano videotakrorlardan keyin Leoga to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi.
Agar musobaqalar o‘tkazish qo‘mitasi argentinalik futbolchining harakatlarini agressiv deb hisoblasa, u holda “Barselona” sardori kamida 4 ta o‘yinga chetlatiladi, uzog‘i bilan esa — 12 o‘yin.
Qayd etish kerak, Superkubok uchrashuvidagi harakat uchun qo‘llaniladigan jazo Ispaniyadagi barcha musobaqalar uchun taalluqli bo‘ladi.
Ma’lum bo‘lishicha, uchrashuv bosh hakami o‘z hisobotida Messining harakatini agressiv deb qayd etmagan. Agar qo‘mita ham Messining harakatida agressivlik yo‘q deb hisoblaydigan bo‘lsa, futbolchi ikkita o‘yinni o‘tkazib yuboradi.
Eslatib o‘tamiz, Messi “Barselona” safida ilk bor, 753 o‘yin deganda birinchi marta qizil kartochka oldi. Avvalroq u Argentina terma jamoasi safida ikki bor maydondan chetlatilgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)