Nyu-York aviadispetcherlariga o‘tgan yili Eron generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganiga qasos tariqasida AQSh poytaxtida terakt uyushtirilishi haqida tahdidli xabar keldi. Bu haqda ushbu tahdid aytilgan audioyozuvga ega CBS News telekanaliga tayanib Meduza xabar berdi.
AQSh aviadispetcherlari chastotasida 4-yanvar kuni yangragan xabarda quyidagilar aytilgan: “Biz chorshanba kuni Kapitoliyga samolyot yo‘naltiramiz. Sulaymoniy uchun qasos olinadi”.
CBS ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh hukumati ushbu tahdidni haqiqiy deb hisoblamaydi, ammo aviatsiya chastotalariga noqonuniy kirilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda. Shuningdek, barcha nazoratchilar samolyotlar o‘z yo‘nalishlaridan har qanday og‘ishi haqida zudlik bilan xabar berishi kerakligi eslatilgan.
Telekanal manbalarining fikricha, xabarda e’lon qilingan 6-yanvar sanasi tasodifan tanlanmagan — shu kuni Kapitoliyda Senat va Vakillar palatasi a’zolarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda AQSh prezident saylovlari natijalari tasdiqlanadi.
Avvalroq Eron Sulaymoniyning o‘limi uchun AQShdan qasos olish hali yakunlanmaganini eslatib o‘tgani haqida xabar berilgan edi. “Al-Quds” komandiri o‘rinbosari general Muhammad Xejazi “Bu shunchaki yuzga tarsaki tortishdek gap edi, haqiqiy qasos hali oldinda”, deb aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) generali Qosim Sulaymoniy 2020-yil 3-yanvar kuni AQSh havo kuchlari tomonidan Bag‘dod aeroportiga berilgan aviahujum oqibatida o‘ldirilgandi. Zarba AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga asosan berilgan.
U IIMKni terrorchilik tashkiloti deb hisoblagan va Qosim Sulaymoniyni mintaqada, xususan, Iroqda bo‘lib turgan amerikalik diplomatlar va harbiylarga hujum qilishni rejalashtirganlikda ayblagan. Eron esa unga javoban Iroqdagi Amerika bazasiga hujum qilgan. Buning oqibatida 100 dan ortiq amerikalik jarohatlangandi.
Izoh (0)