AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy xizmatchilari Eron tomonidan bo‘ladigan hujum ehtimoli sababli yuqori shaylik rejimiga o‘tkazildi, deb yozadi “RBK” Politico nashriga tayanib.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Pentagon Tehron Vashingtonda hokimiyat almashishidan hamda Iroq va Afg‘onistondan amerikalik harbiylarning olib chiqib ketilishidan foydalanib qolishi mumkinligidan xavotirda.
Shu kuniyoq Amerikaning ikkita B-52H Stratofortress bombardimonchi samolyoti AQShdan uchib ketib, Yaqin Sharqqa yo‘l oldi.
“Bombardimonchilarning to‘xtamasdan dunyoning yarmini aylanib chiqish va mintaqadagi ko‘p sonli sheriklar bilan tezkor integratsiyalashuv qobiliyati bizning yaqin aloqalarimizni hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik bo‘yicha umumiy tarafdorligimizni namoyon qiladi”, — deyiladi AQShning Yaqin Sharqdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Frenk Makkenzining bayonotida.
8-dekabr kuni AQSh o‘z harbiylarini Afg‘oniston va Iroqdan olib chiqib ketishi fonida Vashington Eron tomonidan hujumlar bo‘lishini kutayotgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Amerika qo‘mondonligi Fors ko‘rfazidan Nimitz avianosetsini olib ketishni rejalashtirgan edi, ammo vaziyat beqarorlashib ketishi mumkinligi sababli u hozircha mintaqada qoldirilishi mumkin, deb xabar berdi AP manbasi.
AQShning Eron tomonidan ehtimoliy hujumlar borasidagi xavotirlari Eronlik yadroshunos fizik olim Muhsin Faxrizoda o‘ldirilganidan keyin kuchaydi. U noyabr oxirida soqchilari va terrorchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan keyin halok bo‘lgan edi. Eron olimning o‘ldirilishiga Isroilni aloqador qilmoqda.
Shuningdek, Vashington Eronning AQSh aviahujumlari oqibatida halok bo‘lgan Islom inqilobi posbonlari korpusi bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘limiga bir yil to‘lishi munosabati bilan jangovar harakatlar boshlashidan ham xavfsiramoqda.
Noyabr o‘rtalarida AQSh Afg‘oniston va Iroqda 2,5 ming nafardan harbiyni qoldirishi xabar berilgan edi. Donald Tramp ma’muriyati taxmin qilishicha, qo‘shinlar 15-yanvargacha olib chiqib ketiladi. Afg‘onistondan 2 ming, Iroqdan 500 kishi chiqarib yuboriladi.
O‘shanda Vashington Yaqin Sharqqa B-52H Stratofortress strategik bombardimonchilarini joylashtirishga qaror qilgan edi. Oxirgi marta AQSh bu samolyotlarni ushbu mintaqaga qishda, AQSh tomonidan general Qosim Sulaymoniy yo‘q qilinganidan keyin yuborgan edi. 25-noyabr kuni esa Axios o‘z manbalariga tayanib, Isroil armiyasi AQShning Eronga hujumiga tayyorlanishni buyurgani haqida xabar bergandi.