“Avto.ru” saytida 1983-yilda ishlab chiqarilgan va to‘liq restavratsiya qilingan “LuAZ-967” yo‘ltanlamasi sotuvga qo‘yildi. Moskvalik sotuvchi eshiklari yo‘q armiya transportyori uchun 400 ming rubl (5,4 ming dollar) so‘ramoqda, deb xabar beradi Motor.
“LuAZ-967” 1965-yildan 1989-yilga qadar Lusk avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan bo‘lib, “Old sohali transportyor” toifasiga kiradi. Yengil suzuvchi yo‘ltanlamasga bo‘lgan zarurat 1953-yilda yakunlangan Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi urush vaqtida yuzaga kelgan.
Amfibiya-avtomobil kichik miqdordagi yuklarni, shuningdek, o‘q-dori va qurollarni tashishga mo‘ljallangan. “LuAZ”ning quruqlikdagi tezligi soatiga 75 kilometrga yetadi, suvda esa soatiga 3 kilometrdan oshmaydi. Mashina parrak bilan jihozlanmagan va suvda g‘ildiraklar tomonidan hosil qilinadigan eshish effekti orqali harakatlanadi.
Sotuvchining so‘zlariga ko‘ra, ushbu nusxa 37 yil davomida ikki kilometrgina yo‘l bosgan. U to‘liq restavratsiya qilingan va hatto hisobga ham olingan. Yo‘ltanlamas kuzoviga rux bilan ishlov berilgan, reduktorlari almashtirilgan, salonida esa “UAZ”ning yangi o‘rindig‘i paydo bo‘lgan.
Avtomobil 37 ot kuchiga ega 1,2 litrli benzin dvigatel yordamida harakatga kelib, u mexanik uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi.
Avvalroq rossiyalik muhandislar “Qorayaloq” nomli harbiy amfibiyani yaratgani, shuningdek, blogerlar Lada XRay avtomobilini suvda suzishga moslashtirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)