DAZN striming kompaniyasi boks bo‘yicha yarim og‘ir vazn toifasi sobiq chempioni Sergey Kovalyovni (34-1-4, 29 KO) jazoga tortishi mumkin.
Rossiyalik bokschi Saul Alvares (54-1-2, 36 KO) va Kallum Smit (27-1, 19 KO) o‘rtasida kechgan jangni Instagram tarmog‘ida noqonuniy yo‘l bilan translyatsiya qilgan. Bu haqda The Athletic jurnalisti Mayk Koppinjer xabar qildi.
Striming rahbariyati Kovalyovning bu harakatidan g‘azabda ekani aytilmoqda. U Bektemir Meliqo‘ziyevga (6-0, 5 KO) qarshi kechadigan keyingi jangini aynan DAZN platformasida o‘tkazadi.
Kovalyovning translyatsiyasi 2,5 mingdan ortiq tomoshabin yig‘gan. Bu DAZN uchun 50 ming dollardan (oylik obunani hisoblaganda) 250 ming dollargacha (yillik obunada) yo‘qotish degani.
Manbada keltirilishicha, DAZN bu holat yuzasidan chora ko‘rishi mumkin. Jurnalist bu masalada har ikki tomonning munosabatini bilishga uringan, biroq ularning hech biri so‘rovga javob bermagan.
Eslatib o‘tamiz, Kovalyov keyingi jangini 30-yanvar kuni o‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyevga qarshi o‘tkazadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)