Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Koronavirusning yangi shtammi Buyuk Britaniyaning turli hududlarida, shu jumladan, yaqinda cheklovlarning eng qat’iy to‘rtinchi darajasi joriy qilingan hududlar tashqarisida ham aniqlandi. Bu haqda The Guardian nashriga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: BBC

Foto: BBC

“Shtamm namunalaridan olingan genetik ketma-ketlik ma’lumotlari u bilan bog‘liq holatlar butun Birlashgan Qirollikda mavjudligini aniq ko‘rsatmoqda”, — deya ma’lum qilgan Kardiff universiteti professori Tom Konnor.

The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, virusning yangi shtammi namunalari London shahri, Kent, Esseks grafliklari, Norij shahri va boshqa joylardagi COVID-19 testining 2,5 mingdan ortiq musbat natijasi tufayli olingan.

Nashrning qayd etishicha, yangi shtamm Kent va Londondan sentabr oyining oxiridan boshlab tarqalmoqda, keyin esa Midlends hududiga, Angliyaning janubi-g‘arbi va shimoliga yetib borgan. Eng ko‘p zararlangan hududlar esa London, Angliyaning janubi-sharqi va sharqi hisoblanadi.

Britaniya sog‘liqni saqlash tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, virusning yangi shtammi 70 foizga yuqumliroq hisoblanadi, biroq uning o‘limga olib kelish xavfi yuqoriroq ekanligi haqida dalillar mavjud emas.

Yangi shtamm Angliyaning janubi-sharqida sentabr oyida aniqlangan. Hozirgi paytda yangi shtammning qanchalik tez tarqalayotganini aniqlash, uning tarqalishi shtammning o‘ziga yoki boshqa omillarga bog‘liqligini bilish uchun tadqiqotlar olib borilmoqda.

Buyuk Britaniya bosh vaziri 19-dekabr kuni hukumatning yangi qarorini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 20-dekabrdan boshlab London aholisi va Angliyaning deyarli butun janubi-sharqida eng kuchli cheklov choralari joriy qilindi va aholining harakatlanishiga cheklov qo‘yildi.

20-dekabr kuni bir qator mamlakatlar yangi shtamm bilan bog‘liq cheklovlar joriy qilingani sababli Buyuk Britaniyadan keluvchilar uchun chegaralarni yopishni boshladi.

Koronavirusning yangi shtammi

Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14-dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mett Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfliroq emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 20-dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda.

Avvalroq Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da ham o‘xshash mutatsiyadagi virus topilgani haqida xabar berilgan edi. Virusning yangi varianti hozirgi vaksinalar hosil qiladigan immunitetdan kuchliroq bo‘lishi mumkin, degan taxminlar uchun hozircha biror-bir asos yo‘q. Buyuk Britaniya 8-dekabr kuni G‘arb mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi Pfizer va BioNTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan dori vositasi bilan ommaviy vaksinatsiya qilishni boshlagan edi.

Yevropaning bir qator mamlakatlari — Niderlandiya, Belgiya, Avstriya va Italiya kabilar Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatishini e’lon qilib ulgurdi. Irlandiya, Fransiya va Germaniya, shuningdek, Isroil ham shunday qaror qabul qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bild nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya kansleri Angela Merkel Yevropa Ittifoqidagi hamkasblari bilan Buyuk Britaniyadan Yevroittifoqqa parvozlarni 20-dekabr oqshomidan to 2021-yil 6-yanvarigacha muvofiqlashtirilgan holda taqiqlash bo‘yicha kelishishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi va JAR o‘rtasidagi aviaqatnovlar cheklanishi, Buyuk Britaniya bilan temiryo‘l va parom aloqasi ham to‘xtatilishi mumkin.

Shuningdek, yangi shtamm sabab Saudiya ArabistoniRossiya va 20 dan ortiq mamlakat aviaqatnovlarni chekladi. Shu jumladan, O‘zbekiston ham yetti davlat bilan aviareyslarni to‘xtatdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi to‘rt kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
Mahalliy
Toshkent viloyatida 370 dan ortiq avtotransport vositalariga nosoz gaz ballon o‘rnatilgani aniqlandi
Dunyo
Xarkovdagi Starlink antennasi, orkestr ostida safarbarlikka kuzatilayotgan rossiyaliklar. Urushning 215-kunidan fotoreportaj