Niderlandiya Buyuk Britaniyada avvalgisidan tezroq tarqalayotgan yangi koronavirus shtammi aniqlangani tufayli ushbu mamlakatdan aviareyslarni qabul qilishni to‘xtatdi, deb yozadi “RBK”, Niderlandiya hukumati saytiga tayanib.

Foto: Reuters

Ta’kidlanishicha, dekabr boshida Niderlandiyada xuddi shu virus turi aniqlangan. Sog‘liqni saqlash milliy instituti (RIVM) Birlashgan Qirollikdan reyslarni cheklash orqali mamlakatga koronavirusning yangi shtammi olib kelinishi xavfini minimumga keltirishni tavsiya qildi.

“Natijada bugun kechqurun Niderlandiya hukumati quyidagi ehtiyot choralarini qabul qilishga qaror qildi: 20-dekabr kuni 6:00 da (Toshkent vaqti bilan 10:00) Buyuk Britaniyadan reyslarga taqiq kuchga kiradi. Bu taqiq eng kechi bilan 2021-yil 1-yanvargacha amal qiladi”, — deyiladi hukumat xabarida.

Avvalroq Angliya sharqida va janubi-sharqida, shu jumladan, Londonda ham 20-dekabrdan cheklovlarning yangi, to‘rtinchi darajasi amal qilishni boshlagan edi. Yangi cheklovlar kamida ikki hafta amal qiladi. Ular koronavirusning yangi turi tarqalgani tufayli joriy etilmoqda, u esa, Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, 70 foizga yuqumliroq bo‘lishi mumkin. Hozirda Londonda qayd etilgan kasallanish holatlarining 60 foizi virusning yangi shtammi bilan bog‘lanmoqda.

14-dekabr kuni mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Mett Xenkok mutaxassislar ushbu tur bilan kasallanishning mingdan ortiq holatini aniqlaganini, bu Buyuk Britaniyaning janubi-sharqida kasallikning tez tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirgan edi.

Keyinroq COVID-19 bo‘yicha JSSTning maxsus vakili Devid Nabarro Buyuk Britaniyada aniqlangan COVID-19’ning yangi turi tez tarqalish xususiyatiga ega, lekin xavflilik darajasi yuqori emasligini ma’lum qildi.

19-dekabr holatiga ko‘ra Buyuk Britaniyada COVID-19’ni yuqtirib olish bilan bog‘liq 2 milliondan ortiq holat aniqlangan. Bir kecha-kunduzda bunday holatlar 27 mingtaga ko‘paygan. Pandemiya boshidan buyon mamlakatda 76 mingdan ziyod odam koronavirusdan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus infeksiyasi pandemiyasi munosabati bilan Yevropa aholisiga Rojdestvo va Yangi yilni kutib olish uchun iloji boricha ko‘chada to‘planishni tavsiya qilgan edi.