JSST koronavirusning yangi turi aniqlangani tufayli Buyuk Britaniya hukumati bilan yaqin aloqada bo‘lib turibdi va uning xususiyatlari haqida ma’lumot paydo bo‘lishi bilan bu haqda jamoatchilikni xabardor qiladi. “RBK”ning yozishicha, bu haqda tashkilot Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilgan.

Foto: Getty Images

Xabarda aytilishicha, London ma’lumotlar uzatishda, shuningdek, tahlillar natijalari va olib borilayotgan tadqiqotlar haqida xabardor qilishda davom etadi.

“Biz ushbu virus turining xususiyatlari va har qanday oqibatlari to‘g‘risidagi dolzarb ma’lumotlar haqida tashkilotga a’zo davlatlar va jamoatchilikni xabardor qilib boramiz”, — deyiladi JSST xabarida.

14-dekabr kuni Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Xenkok Londonda koronavirusning yangi turi aniqlanganini ma’lum qilgandi. Uning oqibatida ayrim hududlarda kasallik tarqalishi darajasi keskin oshgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada yangi virus bilan bog‘liq 1000 dan ortiq holat aniqlangan.

COVID-19 bo‘yicha JSSTning maxsus vakili Devid Nabarro ushbu yangi tur tez tarqalish xususiyatiga egaligi, lekin xavflilik darajasi yuqori emasligini aytgandi.

Koronavirusning yangi turi aniqlangani sababli Londonda 16-dekabrdan eng yuqori karantin cheklovlari joriy qilindi.