Buyuk Britaniya dunyoda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi ommaviy vaksinatsiyani boshlaydi, deb xabar beradi CNN.

Foto: Bloomberg

Vaksinatsiya Pfizer/BioNTech kompaniyasining vaksinasi orqali boshlanadi. Vaksinani Selsiy bo‘yicha 70 daraja sovuqda saqlash lozimligi va har bir bemorga uch hafta farqi bilan ikkitadan doza berilishiga sabab vaksinatsiya jarayoni murakkab hisoblanadi.

Vaksinaning birinchi dozalari bilan Angliya, Uels va Shotlandiya aholisi emlanadi. Shu bilan birga, Shimoliy Irlandiya emlash ishlarini hafta boshida boshlashini ma’lum qilgan, biroq aynan qaysi kunligiga oydinlik kiritmagan. Birinchi navbatda vaksina bilan qariyalar uyidagi keksalar va tibbiy-ijtimoiy muassasa xodimlari emlanadi. Shuningdek, 80 yoshdan kattalar va tibbiyot xodimlari vaksinatsiya jarayonida ustuvorlikka ega.

O‘z navbatida Buyuk Britaniya sog‘liq saqlash sohasining rasmiy vakillari dekabr oxiriga qadar Pfizer/BioNTech vaksinasining 4 million dozasi tayyor bo‘lishini kutmoqda. Ayni vaqtda mamlakat ushbu vaksinadan 40 million doza xarid qilgan bo‘lib, bu aholining uchdan bir qismiga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, 2-dekabr kuni Buyuk Britaniya dunyoda birinchi bo‘lib Pfizer’ning koronavirusga qarshi vaksinasidan foydalanishni ma’qullagan. 4-dekabr kuni esa Bahrayn ham Pfizer vaksinasidan foydalanishni ma’qulladi. Shuningdek, Pfizer va BioNTech vaksinani AQShda hamda Yevroittifoqda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bergan.