AQSh Senatida respublikachilardan iborat ko‘pchilik yetakchisi Mitch Makkonnell o‘ziga partiyadosh bo‘lgan senatorlarni kongress prezident saylovi yakunlarini tasdiqlash uchun yig‘ilganida, natijalar yuzasidan bahslashmaslikka chaqirgan. Bu haqda Hill nashri telefon orqali o‘tkazilgan majlisda qatnashgan senatorlarga tayanib xabar berdi, deb yozadi “RBK”.
Makkonnell ta’kidlashicha, saylovchilar hay’ati a’zolarining ovozlarini tasdiqlash chog‘ida e’tiroz bildirish munozaralar va ovoz berishlar o‘tkazish zaruriyatini keltirib chiqaradi, bu esa respublikachilarning obro‘sini tushiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyat “hech bir tarafning manfaatlariga muvofiq kelmaydi”.
Ayni paytda Respublikachilar partiyasidan bo‘lgan Kongress vakillar palatasi a’zosi Mo Bruks o‘z partiyadoshlarini saylovchilar hay’atining demokrat Jo Bayden g‘olib chiqishiga sabab bo‘lgan ovoz berish yakunlari yuzasidan e’tiroz bildirishga chaqirdi.
AQSh prezidenti saylovlari 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. 14-dekabr kuni (Toshkent vaqti bilan 15-dekabr) saylovchilar hay’ati ko‘pchilik ovoz bilan demokrat Jo Baydenni AQSh prezidenti saylovlarining g‘olibi deya tasdiqladi. Baydenga 306 saylovchi, uning raqibi, amaldagi AQSh prezidenti Donald Trampga 232 saylovchi ovoz berdi. G‘alaba uchun 270 ta ovoz to‘plash kerak — Bayden ushbu marradan saylovchilarning Kaliforniyadagi majlisidan keyin o‘tgan edi. Ovoz berishda 50 ta shtat va Kolumbiya okrugidan jami 538 saylovchi qatnashdi.
23-dekabrgacha saylovchilar hay’ati ovozlaridan iborat byulletenlar Vashingtonga yetkaziladi. 2021-yil 6-yanvar kuni ovozlar AQSh Kongressi Vakillar palatasi va Senatning qo‘shma majlisida hisoblab chiqiladi. 20-yanvar kuni saylangan prezidentning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)