Amerikaning Salesforce kompaniyasi 1-dekabr kuni Slack korporativ messenjerini xarid qilish bo‘yicha Slack Technologies bilan bitim imzolaganini e’lon qildi, deb xabar beradi Meduza.
Bitim shartlariga ko‘ra, Slack aksiyadorlari har bir aksiya uchun 26,79 dollardan naqd va 0,0776 oddiy Salesforce aksiyalarini oladi. Salesforce aksiyalarining 30-noyabrdagi narxlaridan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Slack’ning qiymati 27,7 milliard dollarni tashkil etgan.
Salesforce asoschilaridan biri va uning bosh direktori Mark Benioffning ma’lum qilishicha, kompaniya o‘zining sheriklari bilan hamkorlik qilish imkonini bergan Salesforce Customer 360 platformasini Slack bilan birlashtirib yuborishni rejalashtirmoqda. Taxminlarga ko‘ra, Slack Salesforce Customer 360 uchun yangi interfeysga aylanadi.
1-dekabr kungi savdolar yakuni bo‘yicha AQShda Slack aksiyalari 43,84 dollarga baholangan — bu bir kun oldingi qiymatdan 2,24 foizga qimmatroq. Salesforce aksiyalari esa 1,81 foizga tushib ketib, 241,35 dollarni tashkil etgan.
Slack Technologies 2009-yildan beri mavjud. 2013-yilda kompaniya turli kompaniyalar, jumladan, Fortune 500 ro‘yxatidagilar, 150 dan ortiq davlatlarning hukumati, notijoriy va ilmiy tashkilotlari foydalanadigan korporativ messenjerni yaratgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda Amazon ham Slack messenjerini xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan edi.
Izoh (0)