O‘zbekistonda energetika tizimi ham ma’nan, ham jismonan eskirgan. Energetika vaziri Alisher Sultonov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekiston 30 yil davomida Markaziy Osiyo energiya taqsimlash tizimidan chiqishga harakat qilib, ko‘p narsani yo‘qotgani, jumladan, bu holat yirik stansiyalarning muddatidan avval eskirishiga sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Sovuq tushishi bilan elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar boshlangani va nima sababdan to‘rt yildan buyon tizimni tartibga solish imkoniyati bo‘lgani to‘g‘risidagi savolga Energetika vazirligi rahbari bu normal amaliyot ekanligi aytib, “bu kabi holatlarda vahimaga tushmaslik kerakligini” qo‘shimcha qilgan.
“Bularning barchasini o‘z vaqtida oldini olish va tizimni qanday qilib barqarorlashtirishni tushunish kerak. Tartibga solish va qayta boshlash. Avariyali vaziyatlar yuzaga kelishini normal holat demoqchi emasman. Tabiiyki, bu bilan shug‘ullanamiz, nima sababdan sodir bo‘ldi, kim aybdor? Albatta, kimningdir aybi bor. Mo‘jizalar bo‘lmaydi”, — deydi Alisher Sultonov.
Shuningdek, vazirning ta’kidlashicha, 21-noyabr holatiga ko‘ra (intervyu suratga olingan vaqt), “barcha rejimlar to‘g‘rilangan, butun tizim — barqarorlashtirilgan”.
“Buni to‘rt yil davomida amalga oshirish mumkin edimi? O‘ylashimcha, yo‘q. Bitta stansiya uch yil davomida quriladi. Yana bir bor qaytaraman, nafaqat neftgaz sohasiga, balki elektr energiyasi sohasiga ham so‘nggi 30 yil ichida sarmoya kiritilmagan”, — deydi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sohaning hozirgi ahvoli — bu Sovet Ittifoqining merosi va O‘zbekistonning o‘zini 30 yil harakatsizligi oqibati. “Harakatsizlik — majburiy, ya’ni bunga sarmoya ajratilmagan. Hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, barchasiga pul kerak, biroq u nimaga sarflanayotganini ham tabiiyki ko‘rish kerak”, — deya oydinlik kiritadi Alisher Sultonov.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, eskirgan tizimlarga qaramay, barcha imkoniyatlar ishga solingan, rekonstruksiya, modernizatsiya ishlari olib borilmoqda, energetika sohasining strategiyasi esa ishlab chiqarish obyektlariga xususiy kapitalni jalb qilishga qaratilgan.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda dekabr oyidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi oshishi kutilmoqda
Energetika vazirligi O‘zbekistonda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarning asosiy sababi havoning sovib ketishi natijasida elektr energiyasi iste’molining keskin ortishi ekanligini ma’lum qilgan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi so‘nggi paytlarda gaz va elektr muammolari yuz berayotgani bo‘yicha qo‘mita va uning huzuridagi agentlikka murojaat qilishni so‘ragan.
Izoh (0)