“Mikrokreditbank” ATB xalqaro moliyaviy hamkorlik sohasida navbatdagi muhim yutuqqa erishdi. Bank Qozog‘istonning yetakchi moliya institutlari — “Qozog‘iston Xalq banki” AJ va “Altyn Bank” AJ bilan sindikat bitimi doirasida umumiy qiymati 15 million AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy resurslarni muvaffaqiyatli jalb etdi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu klub moliyalashtirish bitimi xorijiy moliyaviy institutlar tomonidan “Mikrokreditbank” ATBga bo‘lgan yuqori darajadagi ishonchni yana bir bor tasdiqlaydi.
Asosiy maqsad — bank mijozlarining tashqi savdo bitimlarini moliyalashtirish, ularning eksport-import faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bu orqali xalqaro savdo aylanmasini kengaytirishdan iborat.
Jalb qilingan mablag‘lar qanday maqsadlarda ishlatiladi?
Mazkur moliyaviy resurslar asosan "Mikrokreditbank" mijozlari, ya’ni tadbirkorlik subyektlarini xalqaro savdo faoliyatida qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Jumladan, xorijdan tovar sotib olish yoki mahsulotlarni chet elga eksport qilish bo‘yicha tuzilayotgan bitimlarni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Asosiysi, ushbu resurslar bevosita kichik va o‘rta biznes vakillarining tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi hamda ularning xalqaro bozorga chiqishda ishonchli va qulay moliyaviy ko‘makka ega bo‘lishlariga imkon yaratadi.
Mikrokreditbank ushbu yo‘nalishda foydali va moslashtirilgan moliyaviy xizmatlar orqali mamlakat tashqi savdo salohiyatining oshishiga hissa qo‘shishda davom etadi.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)