O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.
Og‘abek Sobirov suhbat davomida unga qo‘shiq qilib aytish topshirilgan she’rni aytmagani uchun uni yoqtirmaydiganlar ko‘paygani, davlat tadbirlaridan chetlashish sabablari haqida gapirib berdi.
San’atkor uchun unvon “Avvalroq berilishi kerak edi” deyilgan gaplarni eshitishning o‘zi katta baxt. Masalan, “Iye, sizga ham berdimi? Tavba”, desa nima qilardim. Unda bu narsani keragi bo‘lmasdi. Chunki u sharaf bo‘lmaydi. Odamlarning ko‘zida soxta san’atkor bo‘lib gavdalanib qolasiz.Ma’lumot uchun, Og‘abek Sobirov 2020-yil mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi. Og‘abek Sobirov poytaxtda 30 ga yaqin, viloyatlar bo‘ylab 200 ga yaqin yakkaxon konsert dasturlarini taqdim etgan. Uning o‘ttizdan ortiq musiqiy albomi, 300 dan ortiq mualliflik qo‘shiqlari bor.Ijtimoiy tarmoqlar orqali, to‘ylarda, konsertlarda, xalqimizning yaxshi kunlarida odamlar bilan hamsuhbat bo‘lib qolamiz. O‘shanday paytlarda birinchi beriladigan savol shu: “Nima uchun sizga ‘O‘zbekiston xalq artisti unvoni’ berilmayapti?” bo‘lardi. Bu savollardan men bahra olardim. To‘g‘ri ma’noda, men shundan zavq olardim. Demak, shukrki men xalqning nazarida ekanman.
Endi “10 yil oldin, 15 yil oldin berilsa ham bo‘lardi” degan gaplar bo‘lyapti. Masalan, bu narsaga ko‘pchilik guvoh, ochiqdan ochiq yozishyapti. Bu narsalar san’atkor uchun ulkan baxt.
Aytishadi-ku, “Har bir narsaning, o‘zini vaqt-u, soati bor”, demak, vaqti, soati bo‘lmagan. Men shunaqa tushunaman. Vaqti, soati bo‘lmagan deb yurdim, yurdim, mana vaqti-soati bo‘ldi, shu narsa berildi. Allohga behisob shukur. Qolaversa, muhtaram yurtboshimizning kichkinagina san’atimizga nazarlari tushganidan juda xursandman, baxtliman.
Keyin ham berilmasligi mumkin edi. Aslida gap berilishi yoki berilmasligida ham emas, masalan, xalq yaxshi ko‘rsa, shuning o‘zi oliy unvon.
Birovga yoqish-yoqmaslik hamma davrda ham bo‘lgan. Masalan, meni ham to‘g‘risini aytishim kerak, o‘sha paytda 15-16 yillar avval kimlarningdir she’rini aytishim kerak bo‘ldi. Shu she’r menga yoqmadi, tanamga singdirolmadim. Qo‘pol qilib aytganda, o‘sha she’rni qo‘shiq qilib aytgim kelmadi. Keyin bu qo‘shiq aytilmadi, shundan boshlandi bu narsa.
Xalqimizning to‘ylarida ko‘proq bo‘lamiz, bir-ikki kun qolganda “tezda tadbirga yetib keling”, degan davlat chaqiriqlari bo‘lib qoladi. Bormaslikning iloji yo‘q, lekin bu yerda to‘yga aytilganmiz, oylab kutgan odamlar bor, odamlar niyat qilishadi, qancha harakat va orzu niyatlar bilan qilinayotgan to‘yga bir kun qolganda “Borolmayman”, deb aytishni tasavvur qilib ko‘ring. Ularni o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Vijdonim qiynalardi, to‘yni tashlab, u yerga borolmasdim. Har kim har xil tushunishi mumkin. Birov “Pulni deb, ozgina mablag‘ ko‘ziga yaxshi ko‘rindi-yu, davlatning bepul tadbiri ko‘ziga ko‘rinmadi”, deyishi mumkin, lekin unaqa emas.
Har kimning sharoiti har xil. Kambag‘al odam niyat qiladi. Men borolmasam yuzimga shart aytadi: “Va’da berdingmi? To‘yning sanasini o‘zing belgiladingmi? So‘ragan pulingni berdimmi? Kelasan. Tamom”.
Xo‘sh nima deb javob qaytarish mumkin? Ushbu savolga hali hanuzgacha hech kimdan qoniqarli javob eshitmaganman. Shu narsalar asta-sekin meni davlat tadbirlaridan chetlashishimga sabab bo‘ldi deb o‘ylayman.
Og‘abek Sobirov, O‘zbekiston xalq artisti
Izoh (0)