• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12904.51
    • RUB161.99
    • EUR14575.64
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +27°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    O‘zbekiston

    Jurnalistning sakkiz oylik sargardonligi: Huquq posbonlari aybdor bosh shifokorni jarimaga tortolmayapti

    Quyida hikoya qilmoqchi bo‘lganimning boshlanishiga sabab bo‘lgan voqea aslida kichkinagina, arzimas bir masala edi. Shugina bartaraf etilgach, men kelgan yo‘limda davom etgan bo‘lardim, jamoatchilikka e’lon qilgulik ish yo‘q edi, aslida. Lekin voqealar rivoji butunlay boshqa tomonga burilib ketdi. Har ishda bir hikmat bor, deydilar – shu bahona bosh “maqsadi xalqqa xizmat qilmoq” bo‘lgan bir qator davlat idoralari xalqqa aslida qanday xizmat qilayotganini, xalqni qanday sarson-sargardon qilayotganini o‘z tanimda 8 oy mobaynida his qildim.

    Hojatxonaga kirish — qorovulning ruxsati bilan

    10-mart kuni o‘z yumushim bilan Respublika teri-tanosil kasalliklar shifoxonasiga ko‘rikka bordim. Navbatimni kutib o‘tirgandim, bir bemor hamshiradan hojatxona qayerdaligini so‘radi. Hamshira tashrifchilar uchun bino tashqarisida alohida hojatxona borligi, undan foydalanish uchun qorovuldan kalitni olish kerakligini aytdi. Davlat shifoxonasidagi — bu maxsus qo‘riqlanadigan obyekt yo karantin zonasi bo‘lmasa — hojatxonaga kirish uchun kimdandir “ruxsat” olish kerakligi g‘alati ko‘rindi. Hojatxonaga kimlar kirishi mumkinligini tasavvur qilib ko‘ring: shifoxonaga kelgan bemorlar, yoshi ulug‘ keksalar, xotin-qizlar — har birida har xil vaziyat bo‘lishi, uyalishi mumkin, to‘g‘rimi?

    “Hojatxonaga kirib-chiqish uchun ham qorovuldan ruxsat olish kerakmikan, deb avvaliga hayron bo‘ldim, keyin haqiqatan ham shundaymikin, deb qiziqishim oshdi. Borib surishtirsam, qorovuldan kalitni olib, hojatxonadan foydalanib bo‘lgach, uni qayta qulflab yopib, kalitni yana qorovulga keltirib berish kerak ekan. “Bu qoidani kim kiritgan?”, deb so‘rasam, qorovul: “Bosh shifokorning topshirig‘i”, dedi. Bosh shifokorning qabulxonasiga chiqdim. Qabulxonada bir ayol o‘tirgan, fuqaro kiyimida esa bir erkak turgan edi. Ayoldan: “Bosh shifokor bormi?”, deb so‘rasam, fuqaro kiyimidagi erkak: “Men bosh shifokorman, tinchlikmi?”, dedi.

    Shifoxonaning chetdan kelgan bemorlari uchun mo‘ljallangan hojatxonasi

    Shifoxonaning chetdan kelgan bemorlari uchun mo‘ljallangan hojatxonasi
    Foto: “Daryo”

    Hojatxona bilan bog‘liq holat bo‘yicha izoh so‘radim (oddiy fuqaro sifatida ham shunday savol berishga va unga javob olishga haqim bor, har holda). O‘zini Oybek Ibrohimov deb tanishtirgan bosh shifokor haqiqatan ham qorovulga shunday ko‘rsatma berganini, bu tartib bosh shifokor (ya’ni uning o‘zi) tomonidan chiqarilgan ichki buyruq bilan joriy etilganini aytdi. “Bunga sabab — hojatxona yaqinda ta’mirdan chiqdi, sharoitlarni yaxshilab qo‘ydik. Lekin kirganlar sovun va qog‘ozni o‘g‘irlab ketyapti. Chiroqni ham o‘chirishmaydi, elektr bekorga sarf bo‘ladi. Bu xarajatlar uchun vazirlik bizga pul ajratmaydi, shifoxona hisobidan qoplaymiz”, – dedi bosh shifokor.

    Bosh shifokordan: “O‘sha ichki buyruqni ko‘rsata olasizmi?”, deb so‘rasam, u: “Buyruq yo‘q, bu og‘zaki topshiriq, adashib ketibman”, dedi va shundan so‘ng qorovuldan ruxsat olish qoidasini bartaraf etishini aytib, yana qanday e’tirozlarim borligini so‘radi. Men unga, birinchidan, yolg‘onchiligini, hozirgina ichki buyruq bor deb turib, buyruqni ko‘rsatish so‘ralganida bu og‘zaki topshiriq deyishga o‘tib olganini, bergan o‘sha og‘zaki topshirig‘i esa oddiy insoniylikka to‘g‘ri kelmasligini aytdim.

    Foto: “Daryo”

    Bu qandaydir xususiy klinika emas, balki respublika miqyosidagi kasalxona, bu yerga butun mamlakatdan turli yosh va jinsdagi bemorlar kelishini, bu topshiriqda avvalo xotin-qizlar hisobga olinmaganini qo‘shimcha qildim. Misol sifatida ayollarda har turli holat bo‘lishi, hojatxonaga kirish uchun ular qorovuldan kalit so‘rashga uyalishini aytib, “Sizning ham ayolingiz bor-ku”, dedim. Shu gapimdan keyin bosh shifokor Ibrohimov: “Nega meni haqorat qilyapsan?”, deb meni so‘kib, ko‘kragimga ura boshladi. Kotiba ayol ajratib qo‘ydi.

    Shundan so‘ng 102 ga qo‘ng‘iroq qilib, shikoyatimni qoldirdim. IIBdan vakil kelguncha Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevga qo‘ng‘iroq qildim. Mengacha bosh shifokor u bilan bog‘lanib, hammasini aytib bo‘lgan ekan. Furqat Sanayev yuz bergan holat uchun kechirim so‘rab, bosh shifokor Oybek Ibrohimovning uzrini qabul qilishimni so‘radi. Men bunday xarakterli odam bosh shifokor sifatida ishlashga noloyiq deb hisoblashimni, bosh shifokor o‘z xatti-harakati uchun qonuniy jazo olishi lozimligini aytib, vazirlik ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirishini so‘rab, uzrini rad etdim.

    Holat bo‘yicha ariza va tushuntirish xatimdan so‘ng ichki ishlar organi o‘z ishini boshladi. Men o‘zimdagi inkor qilib bo‘lmas dalillarni ishni olib borayotgan inspektorga berdim, bosh shifokor Oybek Ibrohimov ham aybiga to‘la iqror bo‘ldi. Ming afsuski, oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, aybiga iqror bo‘lgan bosh shifokorga nisbatan hech qanday qonuniy chora ko‘rilgani yo‘q.

    Hokimiyat vakili va “tanka”si bor biror kimsaga nisbatan qonunbuzarlik qilib qo‘ysang bormi, huquq-tartibot organlari shu qadar tez ishlaydiki, xuddi andijonlik bloger kabi atigi 15 daqiqa davom etgan sudda 15 sutkaga qamalib qolganingni bilmay qolasan. Lekin hokimiyat vakili senga nisbatan nohaqlik qilsa, “otangga bor — onangga bor”. Ichki ishlar organlari, prokuratura, sud organlarining mana shugina oddiy ishga naqadar loqayd munosabatda bo‘lgani, ishni yuritgan ichki ishlar organi vakilining qonunbuzarlik darajasidagi mas’uliyatsizligi alohida katta mavzu.

    Jabrlanuvchini “terpila” deydigan inspektor

    Bosh shifokor Oybek Ibrohimov oddiy bir savoldan tutoqib, so‘kib, qo‘l ko‘targanidan so‘ng, yuqorida ta’kidlaganimdek, 102 ga qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakning narigi tarafidagi ovoz egasi nima bo‘lgani va qayerda ekanimni so‘radi, savollariga to‘liq va aniq javob berdim. Ko‘p o‘tmay endi menga qo‘ng‘iroq qildi — suhbatdoshim haqiqatan ham 102 ga telefon qilgan-qilmaganimni so‘radi, “Ha, o‘zim qildim”, degach, nima, qachon, qayerda bo‘lganini so‘radi. Unga ham hammasini boshidan batafsil tushuntirdim. Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas yana boshqa bir raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, u ham 102 ga nega qo‘ng‘iroq qilganimni, qachon va qayerda nima bo‘lganini so‘radi. Erinmay unga ham javob berdi.

    Oradan 10 daqiqacha o‘tgach, o‘zini Adham Ahmadjonov deb tanishtirgan inspektor qo‘ng‘iroq qildi. U ham qayerda, qachon, nima bo‘lgani haqida mendan so‘radi. Men inspektorga holatni undan avval qo‘ng‘iroq qilgan uch xodimga to‘la tushuntirganimni, unga bu ish bo‘yicha kim topshiriq bergan bo‘lsa, tafsilotlarni o‘sha kishidan so‘rab olishini aytdim. Oradan 15-20 daqiqa o‘tgach, inspektor Ahmadjonov qo‘ng‘iroq qilib qayerda turganimni so‘radi. Men bosh shifokor qabulxonasida turganimni aytgach, u telefonini o‘chirmay kimgadir: “Tezroq ochib bering, ‘terpila’ yozib tashlayapti”, dedi. Qabulxonaga chiqqach, inspektordan: “Kimni ‘terpila’ deyapsiz?”, deb so‘rasam, u: “Sizga emas, shifoxona eshigida turgan hamshiralarga aytdim”, dedi.

    Inspektorning tilidan chiqqan “terpila” so‘zini ko‘cha-ko‘yda ko‘pchilik eshitgan, bu so‘z “sotqin”, “birovning ustidan yozuvchi” sifatida yomon ma’noda qo‘llanilishidan aksariyatimizning xabarimiz bor. Ichki ishlar organi vakili o‘z huquqlarini himoya qilishga urinayotganlarga bu “sifat”ni qo‘llashi, kim bilsin, o‘z haqini talab qilganlar tartib posbonlarining ko‘ziga aslida qanday ko‘rinishini bildirar (har holda “guruch kurmaksiz bo‘lmas”).

    Bo‘lgan voqeani bosh shifokor Oybek Ibrohimov yonida inspektorga to‘la aytib berdim. Bosh shifokor meni haqorat qilganini tan oldi, lekin urmaganini, faqat qo‘li bilan itarib yuborganini bildirdi. Shunda holatga qabulxonadagi videokuzatuv kamerasiga oydinlik kiritishi mumkinligini, tasvirlarni ko‘rish kerakligini qo‘shimcha qildim. Bosh shifokor kamera Toshkent shahar axborot markaziga ulanganini va videoni o‘sha yerdan olish mumkinligini aytdi. Inspektor mendan ariza va tushuntirish xati olib, sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tib kelishim kerakligini, ish bo‘yicha o‘zi bog‘lanishini bildirdi.

    Ammo oradan ikki kun o‘tsa ham bog‘lanmadi, oxiri o‘zim qo‘ng‘iroq qildim. Suhbat davomida: “Videoyozuvlar olindimi?”, degan savolimga inspektor: “Olishga harakat qilyapman”, dedi. Bu orada ekspertizadan o‘tib keldim; tanamda jarohat izlari yo‘qligi bois bosh shifokorning qo‘l ko‘targanini isbotlash uchun videoyozuv kerakligini aytdim. Shu bilan har ikki kunda bir inspektorga telefon qilib, videotasvirlarni so‘rab turdim, u bo‘lsa har safar “olyapman”, “ishni ko‘ryapman” deyishdan charchamadi. Bir safar: “Videoyozuvlar o‘chib ketishi yo qasddan o‘chirib tashlanishi mumkin”, deb ogohlantirsam, inspektor: “O‘chib ketmaydi, o‘chirib yuborsa, javob beradi”, deb o‘zicha xotirjam qilmoqchi bo‘ldi. Va mendan uni shoshiltirmaslikni, qonun bo‘yicha ishni ko‘rish muddati 10 kun ekani, shu vaqt tugashini kutishni aytdi.

    Kasalxonada yuz bergan voqeadan 8 kun o‘tgach, inspektorga telefon qilib, yana videoyozuvlarni so‘rasam, u bosh shifokor Oybek Ibrohimovga “fleshka” berganini, bosh shifokor ish uchun zarur videotasvirlarni ko‘chirib berishini aytdi. Inspektorning bu gapini eshitib na kulishni, na yig‘lashni bilmay qoldim. Bir fuqaroni urib, haqorat qilishda gumonlanayotgan odamga: “Shu qilmishingni isbotlaydigan videolarni mana bunga tashlab ber”, deyishganini qayerda ko‘rgansiz? Aybdor o‘zini fosh qiladigan har qanday faktni yo‘qotishga harakat qilishi har qanday aqli raso odamga ayon-ku! Bu holatdan achchig‘im chiqib, Toshkent shahar IIBBga bordim, ular meni Mirobod tuman IIBga yubordi.

    Tuman IIB boshlig‘ining ikki o‘rinbosari kutib olib, voqea haqida so‘rab, so‘ng inspektor Ahmadjonovni ham chaqirishdi. Men asosiy maqsad videoni olish ekanini, da’vomni shu orqali isbotlay olishimni, bu vaziyatda inspektorning bosh shifokorga – gumon qilinuvchiga “fleshka” berishi mantiqsizlik ekanini aytdim. Shunda “zamnachalnik”lar inspektorini koyigan bo‘lib, unga yuzlanishdi. Inspektor esa video masalasida bosh shifokordan xat olganini, xatda voqea yuz bergan kuni kamera nosoz bo‘lgani ta’kidlanganini aytdi. Shu gapdan keyin o‘zimni tutib turolmadim, uchalasiga qarata: “Shu qadar ‘professional’ tarzda ishlayotgan bo‘lsanglar, to‘layotgan soliqlarimga rozi emasman”, deb chiqib ketdim.

    Ertasiga, 19-mart kuni Toshkent shahar prokuraturasiga borib, inspektorning xatti-harakatlari ustidan shikoyat yozdim. Besh kun o‘tib shikoyatimga Mirobod prokuraturasidan javob keldi. Xatda, jumladan, shunday deyilgan edi: “Sizni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilganligi sababli Respublika teri kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori Oybek Ibrohimovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortish haqida ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Mirobod tumani ma’muriy sudiga yuborilgan. Inspektor Adham Ahmadjonov sizni haqorat qilganligi vajlaringiz yuzasidan unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganligi ma’lum qilinadi”.

    Foto: “Daryo”

    Koronavirus epidemiyasi sabab 20-martdan e’tiboran karantin o‘rnatilgach, Oliy sud sudlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish haqida qaror chiqargan edi. Shu bois sud boshlansa, chaqirishsa kerak, deb o‘z ishimda davom etdim. Bu orada, aprelda, o‘zini Mirobod tuman IIBdan deb tanishtirgan xodim, inspektor Ahmadjonov ustidan xizmat tekshiruvi ketayotgani, nega uning ustidan shikoyat qilganim haqida ariza yozib berishimni so‘radi. Karantin bo‘lgani bois IIBga borolmasligimni, bo‘lgan voqealarning barini prokuraturaga topshirgan arizamda yozib berganimni bildirdim. Shu bilan oradan uch oy o‘tib ketdi, lekin na sudga chaqiruv bo‘ldi, na inspektor ustidan tayinlangan xizmat tekshiruvi natijalari ma’lum qilindi.

    Otanga bor, onangga bor – jurnalist otma tayoq

    Bu orada karantin yumshab, sudlar qayta ishga tushdi. Shu bois iyun o‘rtalaridan boshlab to 1-iyulgacha inspektorga tinimsiz qo‘ng‘iroq qildim, lekin u biror marta qo‘ng‘iroqlarimga javob bermadi. Majbur Mirobod tuman prokuraturasi bilan bog‘lanib, inspektorga tayinlangan xizmat tekshiruvi natijalarini so‘radim. Prokuraturadagilar tuman IIB tomonidan berilgan ma’lumotda tekshiruv natijasi fuqaroga (ya’ni menga) yetkazilgani qayd etilgani, bu masala bo‘yicha tuman IIBga bog‘lanishim kerakligini aytishdi. Tuman IIBga prokuratura bergan xat raqamlarini aytsam ham ikki kun urinib, menga yuborilgan (!) xatni topib bera olishmadi va oxiri: “Bizda bunday ma’lumot yo‘q”, deb javob berishdi.

    Sarsongarchiliklardan zada bo‘lib, 3-iyulda Toshkent shahar IIBB bilan bog‘landim, ular Mirobod tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Isroilov (hozir boshqa tumanda xizmat o‘tamoqda) bilan bog‘lab berdi. U kishi o‘tgan voqealarning barcha tafsilotlarini eshitgach, ertasiga (4-iyul kuni) masalaga oydinlik kiritib berishini, “qochib yurgan” inspektor esa o‘zi menga qo‘ng‘iroq qilishini aytdi. Haqiqatan ham 10 kundan beri bog‘lanib bo‘lmayotgan inspektor tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari qabulidan chiqishim bilan qo‘ng‘iroq qildi: bosh shifokor bilan bog‘liq ish allaqachon sudga yuborilganini, sud pandemiya sababli qoldirilgani, suddagilar “o‘zimiz chaqiramiz” deb haligacha chaqirmaganini aytdi.

    4-iyul kuni Mirobod tuman IIBda Jahongir Isroilov inspektor ustidan tayinlangan xizmat tekshiruvi natijasini yarim soat deganda izlab topib, nusxa olib berdi. Xat yuborilgan bo‘lsa-da, menga yetib kelmaganining sababi — u boshqa manzilga yuborilgan ekan. Tekshiruv xulosasida ta’kidlanishicha, inspektor Adham Ahmadjonov tomonidan aslida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan, lekin “siz bilan muloqot chog‘ida tushunmovchilik kelib chiqishiga yo‘l qo‘ygani, ya’ni xizmat olib borishda muloqot etikasiga rioya etmasdan, boshqalarga bo‘lsa-da (ya’ni, baribir menga emas, boshqalarga! — M.I.) noo‘rin so‘zlar ishlatgani natijasida sizning yuqori turuvchi organlarga murojaat qilishingizga sabab bo‘lganligi uchun, amaldagi buyruq talablarini buzganligi uchun unga berilgan harakatdagi tanbeh intizomiy jazosi bilan cheklanilgan”.

    Foto: “Daryo”

    Shunday qilib, tekshiruvda men qo‘ygan asosiy masala — videotasvirlar olinmaganiga umuman e’tibor qaratilmagan, faqat boshqalarga bo‘lsa-da aytilgan haqoratga umumiy baho berilgan. Xulosadan ma’lum bo‘lyaptiki, inspektor avval ham tanbeh intizomiy jazosi olgan, shunga qaramay, yana ma’lum bir qoidalarni buzmoqda, bas shunday ekan, jazo sal kattarog‘iga o‘zgarmaydimi? Tanbeh olaveradigan bunday xodim shu zaylda ishlashda, boshqa fuqarolarni ham mana shunday sarson qilishda davom etaveradimi? Savollar juda ko‘p… Jahongir Isroilov holatga oydinlik kiritish uchun inspektor Ahmadjonovni chaqirtirib, oldimda suhbatlashdi.

    Inspektor ishni sudga oshirganini, sudning javobini kutayotganini, sud vaqtincha karantinga olingani uchun ariza hozir qaysi jarayondaligini bilolmayotganini aytdi. Videoni nima uchun olmagani so‘ralganida u kamerani tekshirganini va u o‘sha kuni soz holatda bo‘lganini ayta boshladi (18-mart kuni xuddi shu inspektor kamera voqea yuz bergan kuni buzuq bo‘lganini aytgani yodingizdadir?). Shunda Jahongir aka inspektorga: “Tergov sirlarini fuqaroga aytmang”, dedi (axir men jabrlanuvchi bo‘lsam, nega menga aytmasligi kerak, qiziq?). Suhbat oxirida tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan inspektorga har kuni men bilan bog‘lanib, axborot berish va nega shu vaqtgacha ish sudda ko‘rilmayotgani haqida ma’lumot berish kerakligi tushuntirildi. O‘sha kungi men bilan suhbatda Jahongir Isroilov ishni qaytadan ko‘rib chiqish maqsadida fuqarolarni qabul qilib olish kitobiga shikoyatimni yozib olgan edi. Mana oradan 4 oy o‘tibdiyamki, o‘sha murojaatimga haligacha javob kelganicha yo‘q (bu xodim hozir boshqa tumanga ishga o‘tgan, demak, shikoyatlar ham o‘zi bilan ketgandir, balki).

    Shu bilan inspektor Ahmadjonov yana ikki kunga yo‘qoldi, oxiri yana o‘zim bog‘lanib, ma’lumot so‘radim. U ishni 19-mart kuni sudga oshirgani, prokuratura ishning qaytishi sabablari bo‘yicha izoh so‘raganida pandemiya sabab shunday bo‘lganini aytib, hujjatlarni prokuraturaga berganini, hujjatlar bir oycha prokuraturada qolib ketganini, 26-iyun kuni ishni yana qaytadan sudga topshirganini aytdi. Shu aytganlarini yozma ma’lumot ko‘rinishida berishini so‘radim, u buning uchun rahbariyati bilan maslahatlashib olishi kerakligini aytdi. Bir necha qo‘ng‘iroq qilaverib, holi-joniga qo‘ymaganimdan so‘ng oxiri ma’lumot tayyorlab berdi.

    Foto: “Daryo”

    “Fuqaro Oybek Ibrohimov xatti-harakatida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlanib, ushbu moddaga asosan yig‘ilgan hujjatlar qonuniy qaror topishi uchun Mirobod tumani ma’muriy sudiga yuborildi”, — deyiladi inspektor bergan ma’lumotda. Lekin xatda nima uchun ish shu vaqtga qadar sudda ko‘rilmayotgani sabablari aytilmagan. Qizig‘i, menga xizmat tekshiruvi natijalari 31-mart kuni yuborilgan, vaholanki aynan shu tekshiruv bo‘yicha Mirobod tuman IIB xodimi aprel oyi o‘rtalarida qo‘ng‘iroq qilgani haqida yuqorida yozdim. Xatdagi imloviy xatolar haqida gapirmay qo‘ya qolay — bu xatolarni ko‘rib, bular chiqargan xatolar begona manzillarga ketib qolishi bejiz emas ekan, deb o‘ylab qolasan kishi.

    Sud ijroni tugatgan, inspektor bundan bexabar!

    Mirobod tuman IIB bergan ma’lumotlarga oydinlik kiritish maqsadida Oliy sud axborot xizmati bilan bog‘landim, ular bu ish bo‘yicha Mirobod tumani ma’muriy sudi sudyasi Suhrob Tolipov izoh berishga tayyorligini aytdi. Sudya Tolipov ish allaqachon, aniqrog‘i, 24-iyun kuni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, harakatdan to‘xtatish bo‘yicha qaror ham qabul qilinganini aytdi. Vaholanki, inspektor Ahmadjonov bu sud endi bo‘lishiga nafaqat meni, balki boshliqlarini ham ishontirmoqchi bo‘lib yurgandi. Sud qarorida ko‘rsatilishicha, bosh shifokorga nisbatan ma’muriy ish jazoni qo‘llash muddati (uch oy) o‘tib ketganligi sababligi harakatdan to‘xtatilgan.

    Foto: “Daryo”

    Ishni ko‘rib chiqish nima sababdan uch oydan oshib ketgan? Sudya Tolipovning aytishicha, ish haqiqatan ham 19-mart kuni sudga kelgan, lekin pandemiya sababli sudlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Karantin yumshagach, sudya 28-aprel kuni ishni ko‘rib chiqib, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani jo‘natishda nazarda tutilgan tartib buzilgani sababli ishni o‘sha kuniyoq inspektorga qaytarib yuborgan; sudning xati 29-aprel kuni IIBga yetib borgan. Oradan ikki oy o‘tgach, 23-iyun kuni tuman IIB ishni qayta ko‘rib chiqish uchun yana sudga olib chiqqan.

    Oliy sud Pleniumining 2018-yil noyabrdagi qaroriga ko‘ra, ish hujjatini o‘rganish davrida biror-bir tugatish alomatlari aniqlansa, tugatiladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi (ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish tartibi )ning 7-bandi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish paytiga kelib ushbu kodeksning 36-moddasida nazarda tutilgan (jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan bo‘lsa-yu, lekin huquqbuzarning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lsa, ma’muriy jazo chorasi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida, agar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlar o‘tmagan bo‘lsa, qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin) muddatlar o‘tib ketgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

    “Men ishni ko‘rganimda jinoyat ishini rad etish qarori 18-mart kuni qabul qilingan. Shuning uchun ishni mazmunan ko‘ra olmayman, sababi muddati o‘tib ketgan, uni tugatishga majburman”, — dedi sudya Tolipov. Demak, Mirobod tumani ma’muriy sudi ma’lumotiga ishonsak, ish aprelda karantin sababli emas, balki inspektorning ma’muriy bayonnoma tuzishdagi no‘noqligi uchun qaytarilgan. Demak, inspektor jurnalist (men)ga ham, o‘z rahbariyatiga ham noto‘g‘ri (balki, bundan ular o‘zaro xabardordir, kelishib olgan bo‘lishi mumkin-ku) axborot berib kelgan.

    Inspektor Adham Ahmadjonov ichki ishlar tizimida ko‘p yillardan buyon ishlab kelayotganini, shunga yarasha kapitan unvoniga ega ekanligini hisobga olsak, ish jarayonida eng ko‘p tuziladigan bayonnomalardan biri – Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirishni yaxshi o‘zlashtirib olgan va qanday xatti-harakat bilan (masalan, ma’muriy bayonnomani tartibga zid ravishda to‘ldirish) bunday ishlarni harakatdan to‘xtatish mumkinligini yaxshi bilishi ehtimoli katta. Eng og‘riqli nuqta shundaki, Mirobod tuman IIO FMB 2-sonli IIB boshlig‘i A.Sadikov tomonidan 9-iyul kuni menga taqdim etilgan ma’lumotda ish sudda ekanligi aytilgan. Ya’ni IIB boshlig‘i ham, inspektor ham ular bergan ma’lumotdan 15 kun avval sud ishni harakatdan to‘xtatilganidan bexabar (hozirgacha ham xabari bo‘lmasa kerak – xabari bo‘lsa, menga aytmasmidi?).

    Prokuratura ham mum tishlagan

    Sargardonliklarimning oxirida (oxirimikin?) poytaxt prokuraturasidan izoh oldim. Unda ta’kidlanishicha, bosh shifokor bilan bog‘liq holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar 19-mart kuni Mirobod tuman ma’muriy sud tomonidan qabul qilinib, 28-aprel kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablari buzilgani sabab Mirobod tuman IIO FMBga qaytarilgan. Kamchiliklari bartaraf etilgan hujjatlar ikki oy o‘tgach, 23-iyun kuni Mirobod tuman ma’muriy sudiga qaytadan yuborilgan. Inspektor Ahmadjonov ish nima uchun ikki oydan so‘ng sudga yuborilgani yuzasidan prokuraturaga shunday izoh bergan: “To‘plangan hujjatlarni sudga o‘z vaqtida yuborganman, sud tomonidan hujjatlar asossiz qaytarilib, so‘ng 23-iyunga qadar pandemiya sababli qabul qilinmagan”.

    Mirobod tumani prokuraturasi to‘plangan hujjatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi hamda ikkinchi marotaba qabul qilinmaganligi yuzasidan Toshkent shahar ma’muriy sudiga axborotnoma kiritilib, shahar sudining i.toshkent@sud.uz elektron saytiga sud tomonidan hujjatlarning asl nusxasi pandemiya sababli qabul qilinmaganligi uchun yuborilgani aytildi. Lekin hanuzgacha o‘sha kiritilgan axborotnomadan ham darak yo‘q.

    Xulosa o‘rnida

    Bu voqealardan keyin jurnalist sifatida shuni xulosa qilishim mumkinki, ichki ishlar organlari (ayniqsa, Toshkent shahar IIBB) tomonidan ommaga “undoq qildik, bundoq qildik” deb taqdim etilgan raqamlari juda shubhali. Ular aytayotgan tub islohotlarni men o‘zimning boshimdan kechirgan voqealar rivojida kuzatmadim. Bunday xulosaga kelishimning yana bir sababi yaqindagina karantin qoidalarini buzgani uchun bir xonandani jarimaga tortdik, deb butun poytaxt aholisini – o‘z soliq to‘lovchilarini uyalmasdan aldashdi. Bosh boshqarma shunday qilib turganda tumandagi inspektorning “o‘yin”larini oddiy holat deb qabul qildim.

    Aslida meni ikki tizim – ichki ishlar organlari ham, sud ham laqillatayotgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Sababi ikkala tomon bergan ma’lumotlar bir-biriga zid kelmoqda. Buning ustiga kimsan, respublikadagi sanoqli shifoxonaning bosh shifokorini ustidan arz qilgan bo‘lsam. Bu bir fuqaro, jurnalist yoki bloger emaski, kechasi bo‘lsa ham olib borib “tiqib” qo‘ygani.

    Shu voqealar boshlanganiga oradan 8 oy vaqt o‘tdi hamki (kichkina ma’muriy ish –  aslida 10 kunda hal bo‘ladigan masala, aslida) haligacha natija yo‘q! Men bu vaqt oralig‘idagi sarsongarchiliklar, asabbuzarliklarni qog‘ozga tushirsam, bir doston bo‘ladi. O‘ylagan sari ichingdan yonib ketasan, nima bitta bosh shifokorni ma’muriy jarimaga tortish shunchalik qiyinmi? Jurnalist sifatida (maqtanish emas-ku, mamlakatdagi eng yirik saytning muxbiri bo‘la turib) boshimdan shuncha sarsongarchiliklarni o‘tkazyapman. Oddiy fuqaro bunday holatda nima qilishini tasavvur qilishga ham qo‘rqasan kishi!

    08.10.2020, 17:42   Izoh (0)   31203
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    Toshkent metropolitenida 1-noyabrdan jetonlardan foydalanish to‘xtatiladi

    08.10.2020, 17:12

    Ukrainaning SkyUp Airlines kompaniyasi Toshkent va Kiyev o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

    08.10.2020, 16:41

    O‘zbekiston avgust oyida 31,7 tonna oltin sotgani ma’lum bo‘ldi

    08.10.2020, 16:11

    O‘zbekiston markaziy dehqon bozorlaridagi ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi ma’lum qilindi

    08.10.2020, 15:13

    Toshkentga Qozon, Samara va Novosibirskdan qo‘shimcha charter reyslar amalga oshiriladi

    08.10.2020, 14:28

    O‘zbekistondagi banklarda dollar kursi 3 kun ichida ikkinchi marta ko‘tarildi

    08.10.2020, 13:11
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Eng chuqur g‘or, eng baland ko‘prik va eng sirli maskan – Namanganga boramiz


    Centrum Air Istanbul va O‘zbekistonning uch shahri o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda


    Jamg‘armalar bilan qanday ishlash zarur: bank omonatlari, aksiyalar yoki investitsion paketlar? (davomi)


    Huawei O‘zbekistondagi “Tech Carnival”da Intellektual dunyo rivojini jadallashtirmoqda


    Ilg‘or qurilish texnologiyalari asosida qad rostlayotgan Quyi Chotqol GES


    Tarmoqda bolalar xavfsizligi : Octobankdan maslahatlar


    TBC Uzbekistan o‘zining sun’iy intellektga asoslangan yechimlari orqali samaradorlikni oshirib, o‘sish sur’atlarini tezlashtirmoqda 


    AKFA Medline University Hospital AHA rasmiy o‘quv markazi maqomini qo‘lga kiritdi


    Kapitalbank xodimlarining raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirmoqda 


    APEX BANK Toshkentda Bosh ofis va Markaziy sotuv ofisini ochdi


    Huawei Cloud TechWave Summit 2025: Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda muvaffaqiyatni oshirish uchun intellektuallikni tezlashtirish 


    Oqtepa Lavashdan “Kulgili narxlar”: sevimli taomlar — har bir pozitsiya 10 mingdan 20 ming so‘mgacha bo‘lgan maxsus narxlarda


    Mobiuz IQAir havo sifati datchigini o‘rnatdi


    ANORBANK Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi bilan 10 million AQSH dollariga teng kelishuv imzoladi


    ZTE korxonasi GSMA M360 Yevrosiyo forumida suniy intellekt raqamli iqtisodiyot rivojiga qo'shayotgan hissasi haqida ma’lumot berdi

     

    Tavsiya etamiz

    Ayol ovchilardan ilg‘or samolyotlarga qadar — Ukraina rus Shahed’larini qanday ovlaydi?

    19 may, 20:10

    “Lend-Liz” yordami sovg‘a bo‘lmagan — Britaniya ikkinchi jahon urushida berilgan yordamni qanday qaytargan edi?

    19 may, 15:00

    “Yovuzlik imperiyasi zaminimizga hech qachon qaytmasligi uchun” — jamoatchilik o‘roq-bolg‘ali qizil bayroq va qora-olovrang lentani taqiqlashni so‘ramoqda

    13 may, 22:22

    Ular doim dunyoda eng yaxshilaridan bo‘lgan — pokistonlik harbiy uchuvchilar haqida

    12 may, 21:30
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Ukraina va Rossiya asirlar ayirboshlashni yakunladi (foto)

    Dunyo | 25 may, 21:16

    Superliga. “Navbahor” o‘z maydonida yirik hisobda g‘alaba qozondi

    Sport | 25 may, 20:49

    Braziliyada kolaga ruju qo‘ygan erkak organizmidan 35 ta tosh chiqdi (video)

    Dunyo | 25 may, 20:37

    Isroil barcha faol piyoda va zirhli brigadalarini G‘azoga kiritdi

    Dunyo | 25 may, 19:15

    Tramp Garvard universitetida o‘qiydigan xorijlik talabalar maʼlumotini so‘radi

    Dunyo | 25 may, 18:40

    Yevropaning ikki top klubi yaponiyalik futbolchi uchun kurashmoqda

    Sport | 25 may, 18:21

    Qozog‘istonda chigirtkalarga qarshi dronlardan foydalaniladi

    Qozog‘iston | 25 may, 18:10
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.