XVI asrda Yovuz Sulton Salim, Sulaymon Qonuniy va uning o‘g‘li Salim II davrlarida Usmonli davlati o‘z qudratining yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Aynan Sulton Salim II davrida Usmonli qudratining sekinlik bilan zaiflashuvi ham boshlandi. 1571-yil 7-oktabr kuni Usmonlining qudratli davridagi eng yirik dengiz mag‘lubiyati kuni sifatida tarixda qoldi. Shu kuni Usmonli dengiz floti Yevropaning xristian dengiz ittifoqchilaridan tuzilgan Muqaddas Liga flotidan mag‘lub bo‘ldi. Jang tarixda Lepanto jangi, turk manbalarida Inebahti dengiz jangi deya qayd etildi. “Daryo” sana munosabati bilan bugun ushbu dengiz jangi haqida hikoya qiladi.
Tarixiy sharoit
Usmonli davlati quruqlikda qanday qudratga ega bo‘lsa, dengizda ham shunday qudrat sohibi edi. O‘sha davrda O‘rta dengizda joylashgan Qibris (Kipr) oroli Misr–Istanbul dengiz savdo yo‘lidagi eng muhim to‘siqlardan biri edi. Orol venetsiyaliklar qo‘lida bo‘lib, u yerdagi nasroniy qaroqchilar Venetsiya rasmiylari qo‘llovida dengizdagi savdo va haj kemalariga tez-tez hujumlar uyushtirib turardi. Shunda Qibrisning fathi uchun fatvo olinib, Qibrisga urush ochildi. Lefkosha, Mag‘usa kabi shaharlar egallandi va 1570–1571-yillarda Qibris egallanib, beylar bekligi etib belgilandi. Shu tariqa Qibris ham Usmonli hududiga aylandi.Qibrisning Usmonli tomonidan egallanishi Yevropada xavotir uyg‘otdi. Natijada Papa Pi, Ispaniya qiroli va Venetsiya grafi Usmonliga qarshi ittifoq tuzdi. 1571-yil 15-mayda tuzilgan mazkur ittifoq Muqaddas Ittifoq deb nomlandi. Ittifoqqa, shuningdek, genuyaliklar va Malta ritsarlari ham qo‘shildi. Usmonli davlati esa mazkur ittifoqdan xabar topdi va devon Yevropaga qarshi kuchli bir flot tayyorlash haqida qaror qabul qildi. Ammo devondagi beqarorlik sababidan flot boshiga quruqlik qo‘mondonlaridan biri Muezzinzoda Ali Posho keltirildi. Ushbu jang 1570–1573-yillar orasida yuz bergan Usmonli-Venetsiya urushi doirasidagi bir dengiz jangi edi.
Flot tarkibi
Ushbu jangga Muqaddas Liga Yevropa shu paytgacha ko‘rmagan katta kuch yig‘di. Flotdagi barcha kemalar soni 300 tani tashkil qilardi. Shulardan 108 ta Venetsiya galeralari (harbiy kema), 81 ta ispan galerasi, 32 ta Rim papasi va boshqa italyan davlatlari tomonidan yuborilgan galera edi. Bundan tashqari, oltita yirik galeas – yelkanli yirik jang kemalari ham liga ixtiyorida mavjud edi. Ulardagi jami inson kapitali 84 mingni tashkil qilar edi. Askarlar orasida mashhur ispan adibi Migel de Servantes hamda uning ukasi Rodrigo ham bor edi. Flotga Ispaniya qiroli Karl V ning noqonuniy o‘g‘li Don Juan qo‘mondonlik qildi.Usmonli
Usmonli floti ham shuncha kemalarga, jumladan, 210 ta galera va 66 ta galiotga ega edi. Inson kapitali esa 88 mingni tashkil qilar edi. Yuqorida aytilganidek, flotga Muezzinzoda Ali Posho qo‘mondonlik qilgan edi. Usmonli tarixchilari uning shu paytgacha umrida birorta ham dengiz jangida qatnashmaganini ta’kidlaydi.Jangning borishi, yo‘qotishlar, natija va oqibatlar
1571-yil 7-oktabr kuni erta tongda ikki flot bir-biridan xabarsiz Lepanto shahri yaqinidagi Ion daryosidagi Patras ko‘rfazida uchrashdi. Ko‘rfazga kirish liga floti tomonidan to‘sib qo‘yildi, natijada u yerdan chiqib ketishning imkoni qolmadi. Chiqish uchun, albatta, to‘qnashuv bo‘lishi kerak edi. Dengiz jangi kemalar bortidagi piyoda janglariga aylanib ketdi. Liganing galeaslari turklar himoyasini tartibsizlikka uchratdi. Sarosimaga tushgan turklar tarqalib ketdi.Jang davomida Usmonli qo‘mondoni joylashgan kema Don Juan tomonidan egallandi. Admiral Muazzinzoda Ali Poshoning kallasi olinib, ispan flotining asosiy kemasi boshiga ilib qo‘yildi. Jang kechga yaqin nasroniylar g‘alabasi bilan yakunlandi. Ammo shu kuni dengiz ikki tomondan ham berilgan qurbonlar qoni bilan qizil rangga bo‘yalgan edi.
Jang oqibatida nasroniylar tarafdan yetti ming askar halok bo‘lgani va 20 mingi jarohat olgani aytilsa, Usmonlining 20 ming askari halok bo‘ldi va jarohatlandi. 3 500 dan besh minggacha turk askari asir olindi. Yana bir qism asirlar yunonlar tomonidan qirib tashlandi.
Usmonlining 117 ta galerasi va 13 ta galioti Liga floti tomonidan qo‘lga kiritildi, 62 ta galerasi esa cho‘ktirib yuborildi. Nasroniylarning esa bir necha 10 kemasi yo‘q qilindi. Shuningdek, Usmonlining 450 ta to‘plari tortib olindi. Usmonlining Uluch Ali Posho qo‘mondonligidagi bo‘linmasigina Istanbulga qaytib kelishga muvaffaq bo‘ldi.
Mazkur jangdagi mag‘lubiyatga qaramasdan, Usmonli o‘zini tiklab oldi va 1572-yilning yozida Uluch Ali qo‘mondonligidagi Usmonli floti venetsiyaliklarni mag‘lubiyatga uchratdi. Venetsiya esa sulh tuzishga majbur bo‘ldi. Qibris Usmonli mulki bo‘lib qolaverdi. Venetsiya esa 300 ming dukat o‘lpon to‘lash majburiyatini oldi.
Mazkur jang XVI asrdagi eng yirik dengiz jangi bo‘lib qoldi. Ushbu mag‘lubiyat Usmonlining yengilmasligi haqidagi gap-so‘zlarni yo‘qqa chiqardi, deb hisoblaydi tarixchilar. Gegelning fikricha, mazkur g‘alaba nafaqat Italiyani, balki butun Yevropani Usmonli bosqinidan saqlab qoldi. Ammo Liganing ushbu g‘alabasi urushning umumiy holatiga uncha katta ta’sir qilmadi va yuqorida aytganimizdek, Qibris Usmonli qo‘liga o‘tdi. Usmonli sadri a’zami (bosh vaziri) Sokullu Mehmet Posho Venetsiya elchisi Markantanio Barbaroga mazkur mag‘lubiyat haqida quyidagilarni aytgan edi:
“Siz bu yerga bizning omadsizligimizni qanday qabul qilganimizni ko‘rgani kelgansiz. Lekin siz bizning yo‘qotishimiz va o‘zingizning yo‘qotishlaringiz orasidagi farqni bilib olishingiz kerak. Qibrisni qo‘lga kiritib, biz sizning qo‘lingizni kesdik, siz esa bizni Lepantoda mag‘lub etib, soqolimizni qirdingiz. Kesilgan qo‘l qayta o‘sib chiqmaydi, lekin qirilgan soqol yangidan mustahkam bo‘lib o‘sib chiqadi”.
Jahongir Ostonov tayyorladi.